3 kun ichida BMTning Afg‘onistonga atalgan 100 tonna gumanitar yuki olib kelindi

3 kun ichida BMTning Afg‘onistonga atalgan 100 tonna gumanitar yuki olib kelindi

BMT Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekistonning Termiz shahrida asosiy logistika markazini ochgandi. Ushbu logistika markaziga uch kun davomida BMTning Dubaydagi Logistika markazidan olib kelingan favqulodda yordamning umumiy og‘irligi 100 tonnani tashkil etdi. Bu haqda tashkilotning Qochqinlar ishi bo‘yicha boshqarmasi Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilindi.

BMT Afg‘oniston uchun gumanitar yordam ortilgan 3 ta samolyotni Termizga yuborishi haqida 12 oktyabr kuni ma’lum qilingandi. Dastlabki samolyot 15 oktyabr kuni Termizga kelib qo‘ndi. Gumanitar yordam ichidan afg‘on xalqining qishga tayyorgarlik ko‘rishida kerak bo‘ladigan birlamchi zarur buyumlarni o‘rin olgan.

Ushbu gumanitar yordam yuk mashinalariga ortilib Termizdan Hayraton chegara punkti orqali Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahriga yetkaziladi. Ungacha «Termiz kargo markazi» terminalida saqlanadi.

BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha boshqarmasining ma’lum qilishicha, «Termiz kargo markazi» terminali O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasidan qariyb ikki kilometr uzoqlikda joylashgan. Joylashuvi, o‘lchami va o‘tkazish qobiliyati, shuningdek, ko‘rsatadigan xizmatlari sabab terminal afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatishda muhim markaz sifatida qaralmoqda.

«O‘zbekiston hukumatiga Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi hamkorligi uchun minnatdorchilik bildirmoqchimiz. Biz ushbu yordamni yetkazib berishning yangi yo‘nalishi Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni bartaraf etishga va millionlab ziyon ko‘rgan odamlarga yordam beradi, deb hisoblaymiz», — degan BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili o‘rinbosari Dumitru Lipkanu.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!