2017-2022 yillarda O‘zbekistonda transport vositalari yordamida qancha yuk tashilgan?

2017-2022 yillarda O‘zbekistonda transport vositalari yordamida qancha yuk tashilgan?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017-2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda transport turlari yuk aylanmasida ro‘y bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Tahlil mazkur davr mobaynida mamlakatimizda yuk tashish aylanmasida sezilarli o‘sish bo‘lganligini ko‘rsatdi. Barcha transport turlarida umumiy yuk aylanmasi 2017-yildagi 66,9 mlrd. t-km.dan 2022-yilda 75,2 mlrd. t-km.ga oshdi. Xususan:

2017-2022-yillarda temiryo‘l transportida tashilgan yuk aylanmasi 22,9 mlrd. t-km.dan 24,9 mlrd. t-km.ga oshgan.
Avtomobil transportining hissasiga to‘g‘ri keluvchi yuk aylanmasi qariyb 1,5 barobar oshgan. Agar tahlil qilinayotgan davr boshida mazkur ko‘rsatkich 13,6 mlrd. t-km.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib 20,2 mlrd. t-km.ga yetdi.
2017-2022-yillarda havo transportining yuk aylanmasi 2 barobarga, ya’ni 156,9 mln. t-km.dan 322,7 mln. t-km.gacha oshdi.

Transport xizmatlari bozori va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida bir qator tadbirlar belgilangan. Jumladan:

- hududlarda yuklar shakllanishining asosiy nuqtalarini hisobga olgan holda transport-logistika markazlari tarmog‘ini tashkil etish;
- xalqaro yuk tashuvlaridagi transport hujjatlarini («e-Permit», «e-TIR», «e-CMR» ) elektron ko‘rinishga bosqichma-bosqich o‘tkazish;
- mavjud konteyner terminallarini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish;
- temiryo‘lda konteyner tashish ulushini kamida 2 barobar oshirish rejalashtirilgan.

Umuman aytganda, yuk aylanmasining barqaror o‘sishi transport infratuzilmasini rivojlantirish va tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish natijasidir. Kelgusida yuk aylanmasini yanada oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar zamirida raqamlashtirish, infratuzilmalarni modernizasiya qilish va tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish yotadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!