2017-2022 yillarda sug‘urta to‘lovlarining umumiy miqdori 9,6 baravar oshdi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda 2017-2022 yillarda sug‘urta faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlarning natijalari tahlil qilindi.
Sug‘urta - xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholini turli xavf-xatarlar va kutilmagan vaziyatlardan himoya qilishni ta’minlashning samarali vositalaridan biri.
Keyingi yillarda bu sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli quyidagi natijalarga erishildi:
➖ sohaning huquqiy asoslari mustahkamlandi, shu jumladan, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, raqobatbardosh sug‘urta bozorini rivojlantirish va o‘zgartirishga qaratilgan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi;
➖ me’yoriy-huquqiy asosning mustahkamlanishi natijasida sohani yanada rivojlantirish, shuningdek, iste’molchilarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi;
➖ 2017-yilda O‘zbekistonda 27 ta sug‘urta kompaniyasi faoliyat olib borgan bo‘lsa, 2022-yilda ularning soni 51,8 foizga oshib, 41 taga yetdi, shuningdek, 30 dan ortiq tegishli xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritayapti;
➖ 2022-yilda sug‘urta kompaniyalari ustav kapitali 2017-yildagiga nisbatan 5,8 baravar o‘sib, 1,88 trillion so‘mni tashkil qildi;
➖ sug‘urta polislari soni 1,4 baravar o‘sib, 8,4 milliontaga yetdi va shu bilan birga, shartnomalar asosan foydalanuvchi uchun qulay elektron shaklga o‘tkazildi;
➖ 2022-yilda mijozlar uchun sug‘urta to‘lovlarining umumiy miqdori 2,6 trillion so‘mni tashkil qildi va bu 2017-yildagiga nisbatan 9,6 baravar ko‘p degani;
➖ hududlardagi tarkibiy tuzilmalar soni 2017-yildagiga nisbatan 1,5 baravar oshdi va deyarli 2 mingtaga yetdi;
➖ barcha hududlarda 15,4 ming nafar xodim va sug‘urta agenti uchun barqaror ish o‘rni yaratildi;
➖ O‘zbekistondagi sug‘urta kompaniyalari turli yo‘nalishlarda 110 dan ortiq turdagi sug‘urta mahsulotlarini taklif etayapti.
Zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, sug‘urta bozorini raqamlashtirish, iste’molchilar ishonchini, shuningdek, sug‘urta madaniyatini oshirish, milliy sug‘urta bozorini xalqaro standartlarga izchil muvofiqlashtirish sohada samaradorlikning oshishiga olib keldi.
Shu bilan birga, hududlarda yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi, bozorda raqobat darajasi va biznes yuritish ishonchliligining oshishi hisobiga nafaqat sug‘urta xizmatlari sohasi, balki turdosh tarmoqlar ham yanada rivojlanadi, turli sohalarga investisiya kiritish imkoniyatlari kengaydi.
