1000 tadan ortiq xonadondan iborat MFYlarda mahalla xodimlarining maoshi 35 foizga oshiriladi

1000 tadan ortiq xonadondan iborat MFYlarda mahalla xodimlarining maoshi 35 foizga oshiriladi

Hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan mahallalar xodimlarining maoshlari 1 noyabrdan boshlab 35 foizga oshiriladi. MFY binolarini saqlash xarajatlari mahalliy byudjetlarga o‘tkaziladi.

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga asosan, 2021 yil 1 noyabrdan boshlab:

  • hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35 foizga oshiriladi;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga o‘tiladi;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasini tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkaziladi;
  • tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari asosan quyidagi manbalar bo‘ladi:

  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yillik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining (moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘larini inobatga olmagan holda) 10 foizi miqdoridagi byudjet mablag‘lari;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan ajratiladigan mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 3 foizi miqdoridagi ajratma;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olingan mablag‘lar;
  • homiylik mablag‘lari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Nizomda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi va ulardan foydalanish yo‘nalishlarini belgilash;
  • Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan shaxsiy va rag‘batlantiruvchi ustamalar berish, mukofotlash va ijtimoiy himoyalash.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari:

  • Jamg‘arma mablag‘larining shakllantirilishi yuzasidan doimiy nazorat olib borishi;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan o‘zlari faoliyat yuritayotgan bino va inshootlar xatlovdan o‘tkazilishini va boshqa mol-mulklari o‘zlarida qoldirilishini ta’minlashi;
  • tuman (shahar) hokimliklariga tegishli bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan foydalanib kelingan bino hamda inshootlar tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilishini ta’minlashi zarur.

2021 yilda barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga zarur kanselyariya tovarlari xaridi uchun 9,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishadi. 2022 yildan boshlab ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshi miqdori oshirilishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar 2021 yilda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi vakant o‘rinlar hisobiga bo‘shab qolgan mablag‘lar hamda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!