“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti o‘zining 5 yilligini nishonladi

4 iyul kuni Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashkil etilganining 5 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir hamda joriy o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori Aziz Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib, universitetning 300 nafar bitiruvchilariga tabrik so‘zi bilan murojaat qildi.
– Bugun Markaziy Osiyoda va mamlakatimizda yagona Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti tashkil etilganining 5 yilligini nishonlar ekanmiz, yangi bitiruvchilarni katta hayotga kuzatyapmiz. Zamonaviy ta’lim olish, kasb-hunar, jamiyatda munosib o‘rin egallash uchun yangilangan Konstitusiyamizda belgilangan bebaho imkoniyatlar aynan siz uchun, – dedi rektor.
Shuningdek, Aziz Abduhakimov o‘z nutqida Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tomonidan ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi:
– 2023 yilda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgan maxsus Davlat dasturi qabul qilinib, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hukumatimiz har yili chet ellik talabalarga “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining magistratura bosqichida tahsil olish imkoniyati uchun 85 ta kvota ajratadi. 2022/2023 o‘quv yilida 8 nafar, 2022/2023 o‘quv yilida esa 48 nafar chet ellik talaba qabul qilindi”.
2018 yil iyul oyida Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti ochilgan edi. Turizm sohasida oliy ta’lim muassasasini ochish tashabbusi 2018 yil iyun oyida Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, professor Raymond Jozef Xofman universitetning ulkan muvaffaqiyatlari haqida gapirdi.
“Universitetning uchta yirik kafedrasi o‘qituvchilari turizm, chet tillari va global tadqiqotlar yo‘nalishlari bo‘yicha dars berishadi, shuning uchun biz O‘zbekistonda bu yo‘nalishda bilim beradigan yagona universitetmiz. Talabalarimiz turizm va bu sohadagi tendensiyalardan xabardor, ular Samarqand va butun Markaziy Osiyo merosi haqida bilishadi, shuning uchun ham xuddi shunday universitet topish uchun O‘zbekistondan tashqarida juda uzoq yo‘l bosib o‘tishingiz kerak”.
Tadbir davomida universitet bilan hamkorlik qiluvchi turistik firma va tashkilotlar vakillari, universitetning faol professor-o‘qituvchilari va xodimlari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Tadbir so‘ngida oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilariga diplomlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.