Yuz millionlab muxlislar JCH-2026 ni tomosha qila olmasligi mumkin
Futbol bo‘yicha JCH-2026 translyasiyasi bo‘yicha muzokaralar Hindistonda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, Xitoyda esa rasmiy translyator hali e’lon qilinmagan. Shu sabab ikki yirik bozorda millionlab muxlislar jahon chempionatini tamosha qila olmasligi mumkin. Bu haqda "Reuters" xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Hindistonda "Reliance-Disney" qo‘shma korxonasi 2026 yilgi jahon chempionati translyasiya huquqi uchun 20 million dollar taklif qilgan. Bu FIFA uchun maqbul bo‘lmagan, chunki tashkilot dastlab 2026 va 2030 yilgi chempionatlar huquqi uchun 100 million dollar so‘ragan.
"Sony" kompaniyasi ham Hindistonda JCH-2026 translyasiya huquqini sotib olmaslikka qaror qilgan.
"Reuters" manbalariga ko‘ra, Hindistonda futbol tijoriy jihatdan kriket darajasida daromad keltirmaydi, shuningdek, musobaqa Shimoliy Amerikada o‘tkazilishi sabab ko‘plab o‘yinlar Hindiston vaqti bilan yarim tunda efirga to‘g‘ri keladi.
Xitoyda ham JCH-2026 translyatori hali rasman e’lon qilinmagan. Nashrning qayd etishicha, bu odatdagidan kechroq holat, chunki avvalgi chempionatlarda, jumladan 2018 va 2022 yillarda Xitoy davlat telekanali CCTV translyasiya huquqini ancha oldin qo‘lga kiritgan.
FIFA ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilgi jahon chempionati raqamli va ijtimoiy platformalarda dunyo bo‘yicha eng ko‘p Xitoyda tomosha qilingan: umumiy ko‘rish soatlarining qariyb yarmi — 49,8 foizi — shu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan.
"Reuters" Hindiston va Xitoydagi kelishuvlar hal qilinmaganini FIFA uchun jiddiy muammo sifatida baholamoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, Xitoyda 200 millionga yaqin futbol muxlisi bor — bu boshqa har qanday davlatdagidan ko‘p. Xitoy oddiy televideniye orqali global auditoriya qamrovining 17,7 foizini tashkil etgan.
JCH-2026 11 iyun kuni boshlanadi va 19 iyulda final bilan yakunlanadi. Musobaqada ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi, o‘yinlar soni esa 104 taga yetadi.
