Toshkent xalqaro aeroportidagi 6 ta avtoturargoh auksionga qo‘yildi
Uzbekistan Airports kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroporti hududidagi avtoturargohlarni ijaraga berish huquqi bo‘yicha E-auksion.uz elektron platformasiga lot joylashtirdi.
Xususan, gap umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan va jami 1,5 mingga yaqin avtomobil sig‘adigan oltita avtoturargoh (P1, P3, P4, P5, P7, P8) haqida bormoqda. Turargohlar hududi 3 yil muddatga ijaraga beriladi va bu nafaqat boshqaruvni, balki infratuzilmani to‘liq rivojlantirishni ham nazarda tutadi.
Loyiha yo‘lovchilar uchun qulaylikni oshirishga yo‘naltirilgan: hududda raqamli navigasiya, bo‘sh joylar mavjudligini ko‘rsatuvchi tablolar, qo‘shimcha to‘lov usullari va elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari paydo bo‘ladi. Bo‘lajak operator turargohlarni tun-u kun ekspluatasiya qilish, ularga xizmat ko‘rsatish va qo‘riqlash, shuningdek, rekonstruksiya, kengaytirish va obodonlashtirish ishlariga investisiya kiritish majburiyatini oladi.
Asosiy talab — to‘liq raqamlashtirish: boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, raqamlarni tanish tizimi, shlagbaumlar o‘rnatish, qulay to‘lov usullarini (jumladan, onlayn) taklif qilish hamda joylarni band qilish imkoniyati bo‘lgan mobil servisni ishga tushirish.
Ijara haqi ikki qismdan iborat bo‘ladi: belgilangan qat’iy summa (auksionda aniqlanadi) va o‘zgaruvchan qism — tushumning 5% miqdorida. Shu bilan birga, operator hisobotlar va hisobga olish tizimlariga kirish huquqini taqdim etgan holda ish faoliyatining shaffofligini ta’minlashi shart.
Ijarachilarga qo‘yiladigan barcha talablar va ishtirok etish qoidalari bilan saytdagi ushbu lot ostida batafsil tanishish mumkin.
Auksion qoidalariga ko‘ra, savdolar davomida boshlang‘ich summalar kamida 5%ga oshishi mumkin. Lotning boshlang‘ich narxi esa yiliga 48 778 800 000 so‘m. Auksion o‘tkazilishi 2026-yil 19-may kuniga rejalashtirilgan.
