Yurtimiz “Deklarasiyalar muloqoti” xalqaro forumiga mezbonlik qilmoqda

Yurtimiz “Deklarasiyalar muloqoti” xalqaro forumiga mezbonlik qilmoqda

Poytaxtimizda kecha boshlangan “Deklarasiyalar muloqoti” xalqaro forumi dasturiga ko‘ra, ikki kun davomida turli masalalarga bag‘ishlangan seminarlar bo‘lib o‘tadi.

Kecha “Madaniyatlararo diniy savodxonlik va global xavfsizlik”, “Din va qonun ustuvorligi”, “Konfessiyalararo munosabatlarni rivojlantirish” mavzulari davra suhbati tarzida muhokama qilindi.

I seminarda AQSh Global hamkorlik instituti prezidenti Kris Saypl “Madaniyatlararo diniy ta’lim ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy omili sifatida” nomli taqdimotini namoyish qildi.

— Konfessiyalararo bag‘rikenglikning g‘oyaviy asosi plyuralizm va xilma-xillikning qadri, ahamiyatini e’tirof etishdan iborat, — dedi, jumladan, janob Saypl o‘z chiqishida.

AQSh jahon instituti ilmiy xodimi Noks Temz seminar chog‘ida ”Diniy ozchilik va ko‘pchilikning madaniyatlararo diniy savodxonligi dinamikasi” mavzusida ma’ruza o‘qidi.

II va III seminarlarda Renata Uits, Imom Muhammad Majid, Pastor Bob Roberts singari taniqli xorijiy ekspertlar turli mavzular doirasida ishtirokchilar bilan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

"E’tiborlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbus asosida 2018 yili BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyaning amaliy ifodasi mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohtlarda yaqqol ifodasini topmoqda. Xususan, turli g‘arzli kuchlar ta’sirida diniy-ekstremizm faoliyatiga adashib kirib qolgan 16 mingdan ziyodi inson huquqni muhofaza qilish organlari “qora ro‘yxati”dan chiqarildi.

Shuningdek, bugungi kungacha o‘tkazilgan “Mehr” operasiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 500 nafardan ziyod ayollar va bolalar O‘zbekistonga olib kelindi. Ular yangilanayotgan, inson erki va huquqlari qadrlanadigan yurtimizda o‘zlarining yangi hayotini boshlashdi.

Ma’lumki, 2021 yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonun konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash, jamiyatda turli din va e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘zaro bag‘rikenglik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

2017-2021 yillarda diniy ta’lim tizimi ham tubdan takomillashtirildi, yangidan-yangi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunda respublikamizda dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda.

Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qashqadaryoda Abul Muin Nasafiy majmuasi tashkil etildi.

Diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jahon afkor ommasiga yetkazish hamda O‘zbekistonning ziyorat turizmi borasidagi salohiyatini keng namoyon etish maqsadida bir qator xorijiy davlatlar bilan keng hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Buyuk Britaniya, Marokash, Vengriya, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Indoneziya, Yaponiya, Turkiya, Misr, Rossiya, Germaniya, Ispaniya, AQSH, Malayziya, Hindiston, Pokiston singari davlatlarning diniy sohaga mas’ul turdosh vazirlik va idoralari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ta’lim muassasalari bilan 70 dan ortiq hamkorlik memorandumi imzolandi.

Respublikamizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi insonlarning barcha ibodat va marosimlarini emin-erkin bajarib, diniy bayramlarini keng miqyosda nishonlashlari uchun ham har tomonlama shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, musulmonlarning ikki hayit bayrami, nasroniylarning Pasxa va Rojdestvo bayrami, yahudiylarning Peysax, Purim va Xanuka bayramlari keng nishonlanmoqda. Ushbu sanalarda konfessiya yetakchilari bir-birlarini o‘zaro bayram bilan tabriklashlari yaxshi an’anaga aylangan.

Ma’lumki, yurtimizda har yili 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar mas’ullari ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.

Mazkur sana munosabati bilan turli konferensiya va anjumanlar, davra suhbati va uchrashuvlarni o‘z ichiga qamrab olgan “Bag‘rikenglik haftaligi”ning o‘tkazilishi – jamiyatda bag‘rikenglik g‘oyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani alohida e’tirofga loyiq", dedi u.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev bugungi kunda xalqaro miqyosda turli xavf-xatar, tahdidlar avj olgan davrda mazkur forum o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!