Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi dolzarb tashabbuslar

Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi dolzarb tashabbuslar

Joriy yilning 30 yanvar kuni mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev akademiklar shaharchasida olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, unda ilm-fan sohasidagi eng muhim vazifalarni muhokama qilish bilan bir qatorda malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, yirik ishlab chiqarish sohalarini salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash borasida muhim taklif va tasviyalarni ilgari surgan edi.

Shu asosda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizning nufuzli oliygohlaridan bo‘lgan Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti hamda Toshkent irrrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti bilan hamkorlik aloqalari yanada kuchaytirilib, davlatimiz rahbarining yuksak salohiyatli kadrlar tayyorlash orqali ish unumdorligini oshirish, mamlakat rivojiga hissa qo‘shishga qaratilgan talablari ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida ushbu oliy ta’lim muassasalarining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan holda alohida yo‘l xaritalari shakllantirildi, zaruriy chora-tadbirlar ijrosi yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 iyundagi “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Jamiyat boshqaruvi raisi tashabbusi va bevosita sa’y-harakati bilan Jamiyatning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji yuzasidan takliflari inobatga olinib, joriy o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat texnika universitetida Gidroenergetika ta’lim yo‘nalishi tashkil etilib, mazkur yo‘nalishda 5 nafar davlat granti, 45 nafar kontrakt-to‘lov asosida, jami 50 nafar talaba qabul qilish rejalashtirildi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti Gidrotexnika inshootlari qurilishi (turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishining qabul kvotasi 100 nafarga yetkazildi. Shundan, kunduzgi bo‘limga 75 ta (5ta davlat granti, 70 ta to‘lov-kontrakt asosida), sirtqi bo‘limga 25 ta (to‘lov-kontrakt asosida) o‘rin ajratildi. Jamiyatning ilmiy-pedagogik salohiyatga ega malakali mutaxassislari hamda oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari ishtirokida ushbu yo‘nalishlarning bakalavriat va magistratura bosqichlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari ishlab chiqildi.

Shuningdek, yangi qurilayotgan gidroelektrsansiyalarda (“Zarchob kichik GES” – 20 o‘rin, “Pskom GES” – 50 o‘rin) talaba o‘qituvchilardan tuziladigan qurilish otryadlari uchun zaruriy sharoitlar yaratilmoqda. Hamkor universitetlarning tegishli fakultetlarida “O‘zbekgidroenergo” AJ burchagini (sohaga oid 3D plakat, maket, infokiosk, doimiy videoroliklar taqdimoti) tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Sohaviy kafedralar hamda o‘quv-ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy o‘quv va ilmiy jihozlar, uskunalar va o‘lchov asboblari bilan ta’minlash, “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi korxonalarda tegishli kafedralar filiallarini tashkil etish  borasida ham muhim ishlar olib borilmoqda.

  Shu bilan bir qatorda, hamkor oliy ta’lim muassasalari talabalari ishlab chiqarish amaliyotini Jamiyat huzuridagi korxona va tashkilotlarda o‘tashi hamda zaruriy mehnat tajribasiga ega bo‘lishi uchun ham choralar ko‘rilmoqda. Xususan, joriy yilning iyul-avgust oylarida Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash institutining sohaga xos ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan kafedralari talabalari “Samarqand GESlar kaskadi”, “Toshkent GESlar kaskadi”, “Ohangaron GES” va “Tuyabo‘g‘iz KGES” unitar korxonalarida  ishlab chiqarish amaliyotini o‘tkazishi belgilangan. Bo‘lg‘usi mutaxassislarni ish jarayoni bilan yaqindan tanishtirish, o‘z navbatida, ularda tanlagan kasblari bo‘yicha aniq tasavvur uyg‘otish, mavjud tushuncha, bilim, ko‘nikma va malakalarini takomillashtirish imkonini kengaytiradi.

Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati raisi tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalarining sohaga aloqador ixtisosliklar bo‘yicha bitiruvchilarini Jamiyat qoshidagi ishlab chiqarish korxonalariga jalb qilish borasida ham manzilli va tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bunda tegishli oliy ta’lim muassasasini a’lo baholarda yakunlagan, iqtidoriy salohiyatga ega bo‘lgan vatanparvar va fidoyi yoshlarni munosib ish sharoitlari bilan ta’minlash, yo‘naltirish va rag‘batlantirish maqsadida ularni suhbat va test asosida saralab, Jamiyat huzuridagi “O‘quvenergoqurilish” nodavlat ta’lim muassasida  o‘quv, ishlab chiqarish korxonalarida esa amaliy mashg‘ulotlarga jalb qilib, bilim va mehnat tajribalarini oshirish, shu asosda tizim korxonalariga ishga joylashtirish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar ijro qilinmoqda.

Shu o‘rinda ushbu amaliy tashabbuslar hamkor oliy ta’lim muassasalari tomonidan nihoyatda xursandchilik bilan qabul qilinayotganini ham alohida e’tirof etmoq joiz. Chunonchi, Toshkent davlat texnika universiteti Energetika fakulteti dekani, texnika fanlari doktori Javohir Toshev bu borada o‘z mulohazalarini shunday bayon qiladi: “O‘tgan 40 yillar davomida universitetimiz biror bir ishlab chiqarish tizimi bilan bu qadar samarador hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan edi. “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi rahbarligidagi yetuk malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishida mutlaqo yangi shakl va mazmundagi hamkorlik aloqalari amaliy natijadorligi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, Jamiyat tomonidan taklif etilgan yosh bitiruvchilarni qayta tayyorlash va ish bilan ta’minlash tizimi  biz uchun muhim yangilik, munosib e’tibor bo‘ldi.  Bu tashabbuslarni muassasamiz bitiruvchilari ham ko‘tarinki ruhda qarshi olishdi. Endilikda ular tahsilni yanada katta qiziqish va ishonch bilan davom ettirib, o‘z ustlarida  tinimsiz ishlashmoqda, kelgusi mehnat faoliyatlarini aniq va manzilli rejalashtirishmoqda. Biz, universitetimiz nomidan “O‘zbekgidroenergo”  aksiyadorlik jamiyati jamoasiga cheksiz minnatdorlik bildiramiz”.

Darhaqiqat, bugun jadal sur’atlar bilan taraqqiy etib borayotgan fan-texnika yetuk bilim va tafakkur sohiblarini tarbiyalash zaruratini kun tartibiga qo‘yadi. Jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, innovasion yuksalish uchun ham zamonaviy bilimlarni egallagan, ilmli va mas’uliyatli kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyoj hamisha yuqorilab boradi. “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash, iqtidoriy salohiyatli yoshlarni tarbiyalash va  qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish sohalarini kengaytirish va rivojlantirish borasida olib borilayotgan bu kabi amaliy harakat va tashabbuslar, o‘z navbatida, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga ham sezilarli hissa qo‘shadi.

 

Surayyo Po‘latova,

“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining

ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tilini

rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

 

 

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!