Yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari bo‘yicha mobil ilova ishga tushirildi
O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish, gaz to‘ldirish va elektr quvvatlash shoxobchalari haqida ma’lumot beruvchi “Avto24” ilovasi test sinovida ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
“Sir emas, har yili kuz-qish mavsumida avtomobil haydovchilar boshqalarga nisbatan ko‘proq aziyat chekishadi. Ularning asosiy muammosi kunning sovuq paytlarida qayerda yoqilg‘i quyish yoki avtomobilini siqilgan hamda suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish mumkinligini aniqlashtirishning imkonsizligida edi.
Va nihoyat endilikda bunday muammolarga barham beriladigan bo‘ldi”, – deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, “Avto24” ilovasi – har bir hududdagi eng yaqin yoqilg‘i quyish, avtomobilni siqilgan yoki suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish va elektromobillar uchun quvvatlantirish shoxobchalarini topish, narxlarni taqqoslash, borar manzili va vaqtini aniq rejalashtirish imkonini beradi.
Ilovani Android va iOS ilovalari uchun bepul yuklab olish mumkin.
“Avto24” ilovasi avtomobil egalariga xududlardagi barcha yoqilg‘i hamda quvvatlash shoxobchalarini bitta xaritada tezda topish, real vaqt rejimida hozirgi vaqtda mavjud yoqilg‘ining narxi, zaxirasi va qulayliklari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish, elektromobil egalari uchun maxsus quvvatlash punktlarining lokasiyalarini aniqlash singari imkoniyatlarni taqdim etadi.
Shuningdek, iste’molchilar ilova orqali o‘zlariga ma’qul manzilning reytingini ko‘tarish, yoqilg‘i sifati hamda narxi haqida sharh qoldirishlari ham mumkin bo‘ladi.
Mobil ilova dasturi avtomatlashtirilgan holda yangilab boriladi”, – deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Ilova Energetika vazirligi va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan ishlab chiqilgan.