Ukraina faqat Kursk viloyati bilan cheklanmaydi
Ukraina faqat Kursk viloyati bilan cheklanib qolmasdan, Rossiya hududiga chuqur hujumlarni kengaytirishi mumkin, deb yozadi Washington Post (WP), manbalarga tayanib.
Nomi oshkor etilmagan AQSh rasmiysi nashr bilan suhbatda Ukrainaning dastlab Kursk viloyatiga qaratilgan sa’y-harakatlari uning chegaralaridan tashqariga chiqishi mumkinligini ta’kidladi. Ukraina qo‘shni mintaqalarga zarba berish uchun uzoq masofali qurollardan foydalanishi mumkin, deya ta’kidladi manba.
Kiyev bu bayonotlarga rasman izoh bermadi.
Bir kun avval NYT AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiya hududiga zarba berish uchun ATACMS uzoq masofali raketalardan foydalanishga ruxsat bergani haqida xabar bergan edi.
Xabar qilinishicha, bu chora Shimoliy Koreya qo‘shinlari Kursk viloyatida Rossiyaga yordam berayotgani haqidagi iddaolarga javoban qilingan.
Baydenning saylangan prezident Donald Tramp lavozimiga qaytishidan ikki oy oldin qabul qilingan qarori Oq uyning yo‘nalishi o‘zgarganidan darak beradi. Butun yil davomida Bayden ma’muriyati qarshilik ko‘rsatdi va Ukrainaning Rossiya hududiga zarba berishini oldini oldi. Vashington shu tariqa mojaro avj olishidan qochishga harakat qildi.
300 km gacha uchish masofasiga ega ATACMS raketalari Ukrainaga Rossiya harbiy amaliyotlarini zaiflashtirishi mumkin bo‘lgan strategik nishonlarni urish imkonini beradi. Bunga harbiy poligonlar, yoqilg‘i baklari va neftni qayta ishlash zavodlari kiradi.
Kiyev doimiy ravishda AQShdan uzoq masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirishga ruxsat so‘rab, ular Rossiyaga qarshi turish va Shimoliy Koreyadan qo‘shinlarning keyingi o‘tkazilishini cheklash uchun muhim ekanligini ta’kidlab keladi.