Yoqilg‘i inqirozi Rossiyani Hindistondan benzin izlashga majbur qildi
Rossiyada yuzaga kelgan yoqilg‘i taqchilligi mamlakatni benzin importini kengaytirishga undamoqda. Shu maqsadda qabul qilingan yangi soliq o‘zgarishlari benzin ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, neftni qayta ishlash zavodlarini qo‘llab-quvvatlash hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan tashqari davlatlar, avvalo Hindistondan yoqilg‘i import qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ichki yoqilg‘i bozorini barqarorlashtirishga qaratilgan Soliq kodeksiga o‘zgartishlar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi va 2026 yil 1 iyundan boshlab yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan kuchga kirdi.
Qonunning asosiy yangiliklaridan biri — to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydalgan benzinni boshqa komponentlar bilan aralashtirish orqali olinadigan yuqori oktanli benzin uchun aksiz mexanizmini joriy etishdir. Endi bunday ishlab chiqarish to‘liq neftni qayta ishlash jarayoniga tenglashtiriladi. Neft xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha guvohnomaga ega korxonalarga aksiz chegirmalari beriladi. Bu esa yangi neftni qayta ishlash zavodlarini qurmasdan turib ham qo‘shimcha hajmda yoqilg‘i ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi kutilmoqda.
Shuningdek, modernizasiya dasturlarini amalga oshirayotgan neftni qayta ishlash zavodlari uchun investisiya shartnomalari doirasida uskunalarni ishga tushirish muddati 2026 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi. Minimal investisiya hajmi esa 60 milliard rubldan 100 milliard rublga oshirildi.
Qonunga kiritilgan yana bir muhim o‘zgarish yoqilg‘i dempferi mexanizmiga taalluqli. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlaridan keltiriladigan benzin uchun kompensasiya koeffisiyenti 0,9 etib belgilandi. Ittifoqdan tashqari davlatlardan import qilinadigan yoqilg‘i uchun esa Hindiston bozori narxlariga asoslangan alohida hisob-kitob tizimi joriy etilmoqda. Rossiya Federal antimonopol xizmati Hindiston portlaridan yetkazib berish xarajatlarini inobatga olgan holda oriyentir narxni belgilaydi.
Rossiya qonunchiligida Hindiston bozoriga oid indikatorning paydo bo‘lishi mamlakatning muqobil ta’minot manbalariga yuzlanayotganini ko‘rsatadi. 2022 yildan buyon Hindiston Rossiya neftining eng yirik xaridoriga aylangan bo‘lsa, hozirda uning neft mahsulotlari Yevropa yetkazib berishlari o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan import manbai sifatida ko‘rilmoqda.
Qonun Rossiyaning 20 dan ortiq hududini qamrab olgan yirik yoqilg‘i inqirozidan keyin qabul qilindi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, muammo mamlakatning 56 ta sub’ektiga ta’sir ko‘rsatgan. Maqolada ta’kidlanishicha, yoqilg‘i taqchilligining asosiy sabablaridan biri Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari bo‘lgan. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi bahosiga ko‘ra, mamlakat neftni qayta ishlash quvvatlarining 42,74 foizi ishdan chiqqan.
«Rosneft» rahbari Igor Sechin Vladimir Putinga yo‘llagan maktubida zavodlarga yetkazilgan zarar «misli ko‘rilmagan daraja»ga yetganini hamda sanksiyalar sababli zarur ehtiyot qismlarni sotib olish imkoni yo‘qligini ma’lum qilgan.
