Yaxshi odamlar
Qishloq odamlarining bahor payti juda ishlari qiziydi. Paxta yaganalash, dala ishlari, chorvalarni boqish, shu bilan birga milliy matolarimizning asosi ipak qurtini boqish. Hammasidan mana shunisi juda qiyin. Ipak qurti katta bo‘lib, yaproqlarni yeb, pilla o‘rashga kirishadi. Shu paytda qurtlarga toza va qulay o‘simliklar ustiga qo‘yilishi kerak. Bolaligimda bu mehnatlarning barchasini bajarib voyaga yetdik. Bir kuni odamlarimiz cho‘p chopib kelish uchun taraddud ko‘rdilar, o‘shanda 5-sinf edim chamamda.
Qishloq odamlari hamjihat emasmi, jamoadagi bir necha odamlar yig‘ilishib, cho‘p chopib olib kelishga cho‘lga ketishdi. Bilasiz, bizning Qoraqalpoqda ham qumliklar ko‘p. Hamma borib cho‘p chopish uchun qumliklar oralab ketadi.
Mening mehribon otam ham shular orasida edi. Cho‘p chopib yurib qum tepaliklardan bir-ikkitasidan o‘tib ketib qoladi. Iziga qaytib hamrohlarini topa olmay qoladi. 18-may. Yoz kabi issiq kunlar. Quyosh yo‘nalishiga qarab otam ketaveradi. Lekin boshqa yo‘ldan oldinga qarab ketayotganini bilmagan. Amudaryoning bo‘yida Chilpiq qo‘rg‘oni bor. Shu qo‘rg‘on yonlaridan kirgan otajonim kechgacha qumliklarda yo‘l bosib yuravergan. Suvsizlik, charchoq ancha holdan toydirgan. Kech tusha boshlagan. Qum ichkarisiga kirib ketadigan yo‘llardan chiqib qolgan. Mashinalar o‘tgan onda-sonda, lekin hech qaysisi olib ketmagan. Bir payt ikki traktorni ko‘rib, qo‘llarini ko‘targan, so‘ylashga tillari ham aylanmay qolgan. Shu vaqtda otam chama bilan 70 yoshlar atrofida bo‘lgan. Traktorchilar otamning yoniga kelib, uning ahvolini so‘rab, suv berib, ancha o‘ziga keltirgan. Yonlariga mindirib uygacha olib keldilar. Otam xuddi frontdan qaytganday yig‘lab oldiga yugurganman, chunki bola aqlim nimalarga bormadi, cho‘lda har xil hayvonlar bor, suvsizlik, yo‘qolib yo‘l topolmay bir nima bo‘lib qolsa...
Bu insonlar o‘zimizning Amudaryo tumani sobiq Oxunboboyev jamoa xo‘jaligidan ekan. Onam ularga rahmat aytib, yig‘lab-yig‘lab kuzatib qolganlar.
Otam so‘zlay olmay, yig‘lab-yig‘lab o‘tirdilar. Traktorchi amakilardan otam bir umr minnatdor bo‘ldilar, izlab boraman, o‘g‘illarimni, der edilar. Lekin ismlarini so‘rashni ham xayolimizga keltirmabmiz. Amakilar bo‘lmaganda biz otamdan ayrilib qolardik.
Jamoa xo‘jaligi raisi ham juda xavotirlanib, qumliklarga odamlar yuborib izlatdilar, toplomaganlar. O‘sha paytda Rasiya telefon orqali xabarlarini bilgach, uyga zudlik bilan yetib kelganlar. Mahallamizdagi barcha odamlar otamni ko‘rish uchun uyga kelganlar, otam juda tabarruk inson edilar. Bir umr kitob o‘qib, namozxon bo‘lganlar. Umrining oxirigacha otam o‘sha amakilarni izlab borib ko‘rish umidida yashadilar. Olloh umr berib otajonim 84 yil umr ko‘rdilar, doim ularni duo qildilar. Otam balki dunyodan qarzdorlik hissi bilan o‘tgandir, men bu xotiram orqali otamning qarzini uzsam, ne ajab.
Ilohim, hayotda yaxshi odamlar ko‘p bo‘lsin. O‘sha amakilar yordami sabab tirik qolgan otam akajonimning to‘ylarini ko‘rdilar, nabiralarni suydilar, mening kamolimni ko‘rib, hayotdan ko‘ngli to‘q bo‘lib o‘tib ketdilar, ammo uni naq yo‘qolishdan saqlab qolgan amakilarimni ko‘rish umidida yashadilar. Onam va men amakilardan ko‘p narsa so‘rab qolmabmiz, o‘zim ham ularni izlab topardim. Otamizni sog‘-omon ko‘rganimiz boshqa hamma narsani unutibmiz. Ilohim, Olloh ularni mukofotlasin, bir qultum suv bergan insonlar umrini gulday go‘zal qilgan bo‘lsin.
Guloyim Begjonova
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Amudaryo tumani 11-sonli maktab o‘qituvchisi.
