Yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi

Xorazm viloyati bojxona va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari hamkorligida “Yashirin sex” tezkor tadbiri o‘tkazildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 oktyabrdagi qarori bilan tarkibida rangli metallar bo‘lgan uskunalar, parchalar va chiqindilarni to‘plash, tayyorlash, saqlash, foydalanish hamda topshirish bo‘yicha noqonuniy faoliyatga chek qo‘yish belgilangan. Shuningdek, ishlab chiqarish, texnik, maishiy va boshqa buyumlar parchalari hamda rangli metall chiqindilarining respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqilishining oldini olish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga qator vazifalar yuklatilgan.
Xususan, bojxona organi xodimlari va hamkor tashkilotlar bilan o‘tkazilgan navbatdagi “Yashirin sex” tezkor tadbirida ko‘zdan panada yo‘lga qo‘yilgan noqonuniy sex faoliyatga chek qo‘yildi.
–Xazorasp tumanida yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan MCHJ binosi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida mazkur bino hududida “Yashirin sex” tashkil qilinib, noqonuniy ravishda rangli metall parchalarini yig‘ish, qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullanib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi, –- deydi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xodimi Laylo G‘aniyeva. –- Tadbir davomida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan jami og‘irligi 2,8 tonna alyuminiy rangli metall parchalari, 15 dona turli hajmli qozon quyish uchun maxsus qoliplar, 10 dona temirdan yasalgan maxsus cho‘michlar daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024 yil davomida Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 13 ta holatda 42,5 tonna qora va rangli metal parchalari muomalasi bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlariga chek qo‘yilgan.
Bu boradagi nazorat tadbirlari davom ettiriladi.