Dekabr oyida aholiga 2 milliard 177 million metr kub tabiiy gaz yetkazib berildi
“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2024 yilning dekabr oyida aholiga 2 milliard 177 million 335 ming metr kub, ulgurji iste’molchilarga 927 million 333 ming metr kub, issiqlik ta’minoti korxonalariga 175 million 704 ming metr kub, ijtimoiy soha ob’ektlariga 33 million 946 ming metr kub va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga 301 million 558 ming metr kub tabiiy gaz yetkazib berilgan.
Bu haqda bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda "Hududgazta’minot" AJ axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozova ma’lum qildi.
Unda qayd etilishicha, suyultirilgan gaz iste’molchilari dekabr oyida 58 ming tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. Qish mavsumida iste’molchilarning maishiy gaz ballonlariga bo‘lgan ehtiyoji oshgani sababli, hududlarda 24 ming dona maishiy gaz balloni va 2,4 ming tonna suyultirilgan gaz zahirasi yaratildi. Isitish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 212 ta maxsus texnika, 223 ta avtotransport vositasi, 600 ga yaqin gaz va elektr payvandlash uskunasi, 29 km. turli diametrdagi gaz quvurlari va 3,5 ming dona butlovchi qism zahira qilindi.
Tarmoqlarda yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish uchun 848 nafar mutaxassisdan iborat 271 avariya brigadasi ishladi. Ular oy davomida tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 4974 murojaatga tezkorlik bilan muammolarni hal qildi.
– Havo harorati pasaygan vaqtlarda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga tabiiy gaz yetkazib berish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shu munosabat bilan ayrim kafolatlanmagan ulgurji iste’molchilar hamda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga qisman cheklovlar joriy etildi. Dekabr oyida 534 ta tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlanib, 13,6 million metr kub gaz hajmi uchun 40 milliard 600 million so‘mlik jarima hisoblandi. Shuningdek, 2570 dona maishiy gaz balloni noqonuniy saqlanayotgani aniqlanib, 32 ta «bunker»ning faoliyati to‘xtatildi. Buning natijasida aholiga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan 48,7 tonna suyultirilgan gaz talon-taroj qilinmasdan yetkazib berildi, –dedi D. Jumaniyozova.
Tadbirda ta’kidlanganidek, gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etilmasligi ko‘plab baxtsiz hodisalarga olib kelmoqda. Jumladan, yil davomida respublika bo‘yicha gaz bilan bog‘liq 87 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Natijada 102 kishi halok bo‘lgan va 83 kishi turli darajada jarohat olgan.
“Hududgazta’minot” AJ iste’molchilarga isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish, gaz jihozlarini qarovsiz qoldirmaslik va shamollatish tizimlariga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qiladi. Gaz hidi aniqlangan taqdirda 104 raqamiga va boshqa barcha savollar bo‘yicha 1104 raqamli koll-markazga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.