Xususiy bog‘chada «dekret puli» berilmaydimi?

Xususiy bog‘chada «dekret puli» berilmaydimi?

— Kelinim xususiy bog‘chada ishlardi. Yaqinda tug‘ruq ta’tiliga chiqdi. Aytishicha, xususiy bog‘cha bo‘lgani uchun «dekret puli» berilmas emish. Shu to‘g‘rimi?
Ismi sir tutildi

Ikromjon Kurbanbayev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi:
— Avvalambor amaldagi Mehnat kodeksining 14-moddasiga ko‘ra, belgilangan yoshga yetgan hamda ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mehnatga oid munosabatlarning sub’ektlari bo‘lishi mumkin.
Mazkur kodeksning 15-moddasi, mulkdorning o‘zi ayni bir vaqtda rahbar bo‘lgan xususiy korxonalar va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda xodimlar yollaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar ham ish beruvchi bo‘lishi mumkin.
Mazkur kodeksning 233-moddasiga ko‘ra, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga to‘liq beriladi.
Mazkur kodeksning 286-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi homiladorlik va tug‘ish ta’tilining butun davrida to‘liq ish haqi miqdorida to‘lanadi .
Mazkur kodeksning 287-moddasiga ko‘ra, bola tug‘ilganda bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi. Har bir tug‘ilgan bola uchun beriladigan nafaqaning miqdori va uni to‘lash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yiladi.
So‘nggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya sohasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish yo‘nalishlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 iyuldagi PF-175-son Farmoniga asosan faoliyat turidan qat’iy nazar yuridik shaxs tashkil qilib, faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan ayollarga “dekret” pulining bir qismi davlat byudjeti hisobidan to‘lab beriladi.
Qolgan qismi tadbirkor tomonidan to‘lab beriladi.
Yuqoridagilarga ko‘ra Sizning keliningizga “dekret puli” berilishi lozim bo‘ladi va agarda bu masalada nizo yuzaga keladigan bo‘lsa tegishli fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqingiz mavjudligi tushuntiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!