Xotin-qizlarning 85% o‘zini ko‘tarinki kayfiyatda va baxtli deb hisoblashar ekan

Xotin-qizlarning 85% o‘zini ko‘tarinki kayfiyatda va baxtli deb hisoblashar ekan

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2023 yilning fevral-aprel oylarida “Xotin-qizlarning hayotiy maqsadlari, qadriyatlari va yo‘nalishlari” mavzusida respublikaning 6 ta hududida 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 819 nafar xotin-qizlar orasida sosiologik tadqiqot o‘tkazildi.

Xotin-qizlar oilaviy qadriyatlarining shakllanishida oilaviy muhit va undagi tarbiya (81%), ota-onaning sulolaviy shaxsiy o‘rnagi (61%) hamda o‘z hayotiy tajribasi muhim o‘rin egallashini bildirishdi.

Xotin-qizlar o‘zlari uchun ayol baxtining asosini oilalarning tinchligi, farovonligi, mustahkamligi, farzandlarning borligi, oiladagi samimiy munosabatlarda va yaqin insonlarning o‘zaro g‘amxo‘rligida, deb hisoblashadi. Qishloq hududlarida yashovchi aksariyat xotin-qizlar o‘zlarini, eng avvalo, ona (40,9%) va rafiqa (27,3%) sifatida baholaydilar.

Xotin-qizlarning aksariyati oilali va farzandli bo‘lishni o‘zining asosiy hayotiy ehtiyoji sifatida belgilaydi. Shuningdek, oila qurish bilan birga, jamiyatda ijtimoiy faol bo‘lishni istagan, ishlash, o‘qish va kasb-hunarli bo‘lishga intilayotgan, buni o‘zining hayotiy muhim maqsadi va baxtining bir qismi sifatida ko‘ruvchi xotin-qizlar toifasi borligi tadqiqot natijasida o‘z ifodasini topdi.

Tadqiqot davomida ishtirokchilarning 80,4% xotin-qizlarning nikohga o‘z xohishiga ko‘ra rozi bo‘lganligi qayd etildi. Shu bilan birga, 13,2 foiz holatda oila kattalarning kelishuvi, sovchilar orqali qurilganligi ma’lum bo‘ldi.

Tadqiqotda qatnashgan har ikkinchi respondent oilaviy ajrimlarga mutlaqo qarshi. Ularning aksariyati oilaviy munosabatlardagi beqarorlik, salomatlikdagi jiddiy muammolar hamda oiladagi zo‘ravonliklar tufayli ajralishlar bo‘lish ehtimolini inkor etishmadi. Respondentlar xiyonat (43,6%), farzandsizlik (26,1%) juftlik xarakterining mos tushmasligi (20%) va oiladagi janjallar (21,3%), turmush o‘rtog‘ining psixik jihatdan nosog‘lomligi (22,1%), va boshqa og‘ir xastaliklar (10,9%) tufayli ajrim holatlari yuzaga kelishini e’tirof etishgan.

Aksariyat xotin-qizlar uchun oilani asrab qolish maqsadi, ishlash va kasbiy o‘sishdan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega bo‘lsa-da, har oltinchi respondent (14%) uchun ish faoliyati juda qadrli hisoblanadi. Bu toifadagi ayollar ish faoliyati oilasining butunligi va tinchligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan taqdirda ham o‘z ishidan voz kechishga tayyor emasligini aytib o‘tishgan.

Ahamiyatlisi so‘rovnomada ishtirok etgan xotin-qizlarning 68,3% inson salomatligining qadrini ustun qo‘yishsada amalda 16% respondent uni birinchi o‘ringa qo‘ymasligi aniqlandi.

Bugungi kunda ayollarining salmoqli qismi farzandlarida kelajakda umuminsoniy qadriyatlar, jumladan, oiladagi sog‘lom ma’naviy muhit, mehnat qilish, o‘z fikrini ayta olish va adolatli bo‘lish kabi xususiyatlar ustunlik qilishini xohlashadi.

Xotin-qizlarning 85% o‘zini ko‘tarinki kayfiyatda va baxtli deb hisoblashadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!