Kiyevdagi “Chernobil” muzeyida yong‘in chiqdi
Ukraina OAV ma’lumotiga ko‘ra, 24 mayga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan raketa va dron hujumi chog‘ida muzey binosiga zarar yetgan. Hodisadan so‘ng muzey vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan.
Ukraina Ichki ishlar vazirligi bildirishicha, zarba oqibatida muzey ichida yong‘in chiqqan va osma shiftning bir qismi qulab tushgan. Shu bilan birga, qutqaruvchilar va muzey xodimlari bir qator qimmatli eksponatlarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Jumladan, ukrain rassomi Mariya Primachenkoning kartinasi hamda 2022 yilda Chernobil AES deokkupasiya qilingach o‘rnatilgan Ukraina bayrog‘i evakuasiya qilingan.
Ma’lum qilinishicha, milliy Chernobil muzeyi faqat aprel oyi oxirida keng ko‘lamli restavrasiyadan keyin qayta ochilgan edi.
Ukraina madaniyat vaziri Tatyana Berejnayaning aytishicha, mazkur hujum urush boshlanganidan beri Kiyevda madaniy muassasalarga yetkazilgan eng yirik zararlardan biri bo‘lgan.
Hujum natijasida Ukraina Milliy badiiy muzeyi, Milliy filarmoniya, Milliy musiqa akademiyasi, Yaroslav Mudriy nomidagi kutubxona va Kiyev operasi ham zarar ko‘rgan.
Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukraina bo‘ylab 90 ta raketa va 600 ta dron uchirgan. Asosiy nishonlar Kiyev va Kiyev viloyatidagi Bela Serkov shahri bo‘lgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hujumdan keyin Rossiya rahbariyatini qattiq tanqid qilib, “oddiy uylar va fuqarolik ob’ektlariga zarba berishda davom etayotganini” aytdi.
