Centrum Air va Qanot Sharq ishi: Raqobat qo‘mitasi agentlikka so‘rov yubordi
Raqobat qo‘mitasi CENTRUM AIR hamda Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyatida ortiqcha biletlar sotilishi va iste’molchilar huquqlarini ta’minlash holati yuzasidan Fuqaro aviasiyasi agentligiga so‘rov yubordi
So‘nggi vaqtlarda Raqobat qo‘mitasiga bevosita kelib tushayotgan murojaatlarda va ijtimoiy tarmoqlar orqali CENTRUM AIR hamda Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyati yuzasidan ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda.
Raqobat qo‘mitasiga avia qatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlarning tahlili 2025 yilda 127 tani, 2026 yilning o‘tgan 4 oyida esa 145 ta (114 foiz) ni tashkil etib, ularning soni ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Qo‘mita tomonidan murojaatlar asosida olib borilgan o‘rganishlarda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinish (110 ta), belgilangan vaqt oralig‘iga rioya etmaslik (90 ta) va sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi (72 ta) holatlari aniqlangan.
Ushbu murojaatlarda asosan quyidagi e’tirozlar bildirilmoqda:
- xizmat ko‘rsatuvchi iste’molchiga o‘zi ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etilmasligi;
- rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega bo‘lgan yo‘lovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berishni rad etilishi;
- parvozlarni bir necha soatlab kechikishi yo‘lovchilarni aeroportlarda qolib ketishi, vaqti, mablag‘i hamda rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani;
- aviakompaniya tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartib va miqdorda kompensasiya yoki bepul qo‘shimcha xizmatlar bilan qoplanmayotganligi.
O‘rganishlarda mazkur aviakompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun, shuningdek,«Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish» qoidalari, «Havo kodeksi» va «Fuqarolik kodeksi» to‘g‘risidagi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, yo‘lovchiga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi tomonidan:
- parvozgacha kutish davrida yoki transportning boshqa turi orqali tashishgacha bo‘lgan vaqtda oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlash;
- tashuvchi qoidalarida belgilangan muddat kutish vaqtidan ko‘ra ko‘proq bo‘lsa mehmonxona bilan ta’minlash hamda kutish vaqtida transport orqali aeroportdan vaqtinchalik yashash joyigacha eltib qo‘yish va qaytishni ta’minlash;
-yo‘lovchilar soni belgilangan miqdordan oshgan taqdirda qolgan yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmasligi mumkinligi, kompensasiya berish hamda keyingi qatnovga joyni band qilishi va tashuv chipta rasmiylashtirish jarayonida bu haqda yo‘lovchilarni ogohlantirishi lozim;
-chiptada nazarda tutilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash kabi xizmatlar yetarli darajada bajarilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar nomuayyan doirasining qonun bilan himoyalangan huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida CENTRUM AIR va Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalarning yo‘lovchi tashishda parvozlarning kechikishi, samolyotlarning texnik nosozligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatsizligi yuzasidan to‘plangan ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va zaruriy choralarni belgilash yuzasidan, Fuqaro aviasiyasi agentligiga so‘rov yuborildi.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘z vakolatlari doirasida respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha aviakompaniyalar kesimida 2025-2026 yillar davomida reyslarni belgilangan vaqtdan kechikish holatlari, kechikkanligi sabablari hamda iste’molchilarga amalga oshirilgan kompensasiya yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Ish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
