Xorijga chiqish biometrik pasporti va ID-karta qachon beriladi?

Xorijga chiqish biometrik pasporti va ID-karta qachon beriladi?

Fuqarolarning chet elga chiqishi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti asosida amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, chet elga chiqishda kitob bukleti ko‘rinishidagi pasportga ruxsat beradigan hech qanday qo‘shimcha yozuvlar kiritilmaydigan tartibda qo‘llanilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zA batafsil ma’lumot berdi.

2011 yilgi namunadagi pasport bilan xorijga chiqish mumkinmi?

2019 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi bilan viza rejimi o‘rnatilgan davlatlarga chiqishni rejalashtirayotgan mamlakatimiz fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport beriladi. 2021 yilning 1 yanvarigacha vizasiz rejim o‘rnatilgan mamlakatlarga (Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Moldova, Rossiya Federasiyasi, Ukraina va Gruziya) 2011 yilgi namunadagi amaldagi biometrik pasport bilan chiqishi mumkin bo‘ladi.

Yangi tartib bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet elga chiqishi uchun “xorijga chiqish uchun biometrik pasporti” bilan hujjatlashtirilgan bo‘lishi hamda ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan 10 ish kuni davomida tayyorlanishi belgilangan.

Yangi biometrik pasport olish tartibi va ishlatish muddati qancha?

Yangi tartib bo‘yicha, fuqaro xorijga chiqish uchun biometrik pasport bilan hujjatlashtirilishi uchun bir nusxadagi ish joyi, o‘qish maskani yoki hududiy o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan muhr bilan tasdiqlangan ariza-anketa topshirishi, unga qo‘shimcha ravishda 3,5 sm. x 4,5 sm. hajmdagi bir dona fotosurat, pasport nusxasi, hududiy Mudofaa ishlari bo‘limi ma’lumotnomasi (agar harbiy xizmatga majbur bo‘lsa) hamda eng kam ish haqining taxmin qilinayotgan 150 foiz miqdoridagi davlat boji undirilishi (hozirda ushbu miqdor 304,095 so‘mdan iborat) ko‘zda tutilgan bo‘lib, chet elga borish uchun ruxsat berish yozuvining yopishtiriladigan stikerini - xorijga chiqish uchun biometrik pasportga yopishtirilmaydi.

Hozirgi kunda, chet elga vaqtinchalik borish uchun ruxsat berish yozuvining yopishtiriladigan stikeri 2 yil muddatga berilayotgan bo‘lib, xorijga chiqish uchun biometrik pasport 10 yil muddatga beriladi.

Ko‘rinishi qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti to‘q qizil rangda ishlab chiqilishi ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, 48 betdan iborat bo‘ladi, amaldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportida esa 36 bet mavjud.

Himoyalash darajasi bo‘yicha, - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasportidagi betlarda mamlakatimizning tarixiy obidalari aks ettirilishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, amalga kiritilishi belgilangan xorijga chiqish uchun biometrik pasporti suv belgilari, sakkiz qirrali pentogramma, rangi o‘zgaruvchi bo‘yoq, muarli effekt, metallashtirilgan himoyaviy ip, laminasiyalashtirilgan plenka hamda pasport qobig‘iga joylashtirilgan elektron chipdan iborat.

Xorijga chiqish pasportini qayerdan olish mumkin?

Hozirda, Toshkent shahridagi biometrik ma’lumotlarni “yig‘ish punkt”lari 20 ta ustunli qurilmadan tashkil topgan, aholisi nisbatan ko‘proq bo‘lgan tumanlarda 2 tadan qurilma joylashtirilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun 12 ta qurilma (1 ta qurilma IIBB MvaFRBda) o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda.

Xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish qurilmasining har birida kuniga 180-200 nafar fuqaro qabul qilinishi mumkin bo‘lib, shu toifadagi hujjatni olish istagini bildirgan fuqarolar sonidan kelib chiqib, qurilmalar soni ko‘paytirilishi mumkin.

Shu bilan birga, o‘rnatilgan tartib bo‘yicha jismoniy sog‘ligi tufayli harakati cheklangan fuqarolar, qo‘lda olib yuruvchi “mobil qurilma” yordamida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti bilan hujjatlashtirilayotgan bo‘lib, kelgusida shu toifadagi shaxslarga xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirish borasida mobil elektron planshet ko‘rinishidagi qurilmalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Qachon ID-kartaga o‘tiladi?

Qo‘shimcha tarzda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasi shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanishi va undan respublika hududida umumfuqarolik hujjati sifatida 2021 yilning 1 yanvar kuniga qadar foydalanilishi belgilangan.

2021 yildan boshlab, mamlakatimizda amaldagi pasport tizimi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va boshqa shu turdagi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (haydovchilik guvohnomasidan tashqari) o‘rniga identifikasion kartalarni (ID-karta) kiritish tizimi yaratilishi rejalashtirilgan. Ushbu identifikasion kartalarda har bir fuqaroning yagona identifikasion raqami va shaxsiy ma’lumotlari joylashtiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!