Xitoydan evakuasiya qilingan ukrainaliklarning avtobuslari toshbo‘ron qilindi

Xitoydan evakuasiya qilingan ukrainaliklarning avtobuslari toshbo‘ron qilindi

Ukrainada Xitoyning Uxan shahridan evakuasiya qilinib, karantin uchun olib ketilayotgan ukrainaliklarning avtobuslari mahalliy aholi tomonidan toshbo‘ronga uchradi, deb xabar beradiUnian.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy aholi evakuasiya qilinganlarning Milliy gvardiya sanatoriyasiga joylashtirilishiga qarshi norozilik bildirgan. Noviye Sanjari qishlog‘i aholisi avtobuslar harakatini cheklab, ularga qarata tosh ota boshlagan.

Polisiya norozilik namoyishi ishtirokchilarini tarqatib yuborib, tosh otganlarni qo‘lga olgan. Bundan tashqari, o‘rtada janjal kelib chiqqani aytilmoqda.

20 fevral kuni Xarkovga ichida 65 nafar Ukraina fuqarosi bo‘lgan samolyot kelib qo‘ndi. Ular COVID-2019 koronavirusining o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasidan evakuasiya qilingan. Ular Milliy gvardiyaga qarashli Poltava viloyatining Noviye Sanjari posyolkasining yaqinidagi sanatoriyaga joylashtirilishi kerak bo‘lgan. Qishloq aholisi bunga qarshi norozilik bildirib, trassani yopib qo‘ygan. Shunga qaramay, yettita avtobus sanatoriyaga kelishga muvaffaq bo‘lgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mahalliy aholining ushbu xatti-harakatiga munosabat bildirib, Xitoydan evakuasiya qilingan fuqarolarda koronavirus aniqlanmagani sabab, ular hech qanday xavf tug‘dirmasligini ta’kidlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!