Xitoy sun’iy intellekt ilovasi AQShni qattiq qo‘rqitmoqda

AQShdagi DeepSeek foydalanuvchilari yangi qonun bo‘yicha million dollarlik jarima va qamoq jazosiga tortilishi mumkin. Juda mashhur Xitoy sun’iy intellekt ilovasi xavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi va axloqiy muammolarni keltirib chiqardi.
Yangi taklif etilayotgan qonun AQShda odamlarni Xitoyning DeepSeek sun’iy intellekt ilovasidan foydalanganligi uchun katta miqdordagi jarima yoki hatto qamoq jazosiga tortishi mumkin.
Respublikachi senator Josh Xouli tomonidan kiritilgan qonun loyihasi "Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolariga Xitoy Xalq Respublikasi hududida va boshqa shaxslar uchun sun’iy intellekt imkoniyatlarini rivojlantirishni taqiqlash"ga qaratilgan.
Taklif etilayotgan qonun Xitoyda ishlab chiqilgan "texnologiya yoki intellektual mulk"ni import qilishning oldini oladi, cheklovlarni buzgan har qanday shaxs 20 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarga 1 million dollargacha, korxonalarga esa 100 million dollargacha jarima solinishi mumkin.
Garchi unda DeepSeek nomi tilga olinmasa-da, bu qonun loyihasi Xitoy chatboti AQShdagi eng mashhur sun’iy intellekt ilovasiga aylanganidan bir hafta o‘tgach va AQSh texnologiya kompaniyalari aksiyalari keskin tushib ketganidan so‘ng taqdim etildi.
Uning to‘satdan ommalashuvi xavfsizlik, maxfiylik va axloq masalalari bo‘yicha xavotirlarni keltirib chiqardi, jumladan DeepSeek'ning Xitoy Kommunistik partiyasiga oid mavzular haqidagi savollarga javob bera olmasligi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy ilovasini Amerika texnologiya sanoati uchun "uyg‘onish chorlovchisi" deb atadi. Oq uy esa DDeepSeek'ning milliy xavfsizlikka ta’sirini baholamoqda.
Qo‘shma Shtatlar Harbiy-dengiz kuchlari allaqachon o‘z xodimlariga DeepSeek'dan ish bilan bog‘liq vazifalar yoki shaxsiy maqsadlarda foydalanishni taqiqlagan. NASA esa hukumat tomonidan berilgan qurilmalar va tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyasini taqiqlagan.
Bir qator shtatlar ham DeepSeek'ni taqiqlashni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Texas birinchi bo‘lib hukumat qurilmalarida taqiq joriy etdi.
"Texas Xitoy Kommunistik partiyasiga ma’lumot to‘plovchi sun’iy intellekt va ijtimoiy media ilovalar orqali shtatimizning muhim infratuzilmasiga kirib olishiga yo‘l qo‘ymaydi," - dedi Texas gubernatori Greg Abbott.