Xakerlar Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining elektron pochta akkauntlarini buzib kirishdi va ularni internetda sotmoqda
Xakerlar Britaniya Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining elektron pochta akkauntlarini buzib kirishdi va ularning hukumat akkauntlari va parollari haqidagi ma’lumotlarni sotuvga qo‘yishdi.
Bu haqda The Daily Telegraph nashri xabar bermoqda.
Nashrning xabar berishicha, xakerlik hujumi natijasida chet elda, jumladan, Tailand va Mavrikiydagi elchixonalarda ishlaydigan diplomatik xodimlarning ma’lumotlari fosh bo‘lgan.
Shuningdek, xakerlar Angliyaning Derbishir okrugi va Londonning Uoltem Forest tumanidagi shahar kengashi xodimlarining akkauntlariga kirish huquqiga ega bo‘lishgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan ma’lumotlar internetda 60 ming dollarga sotilmoqda.
Ilgari, Britaniya Mudofaa vazirligining maxfiy hujjatlari armiyaning eng yirik harbiy bazasi yaqinidagi axlatxonada topilgani haqida xabar berilgan edi. Ularda harbiy xizmatchilarning shaxsiy ma’lumotlari, qurol saqlash, qo‘riqchini almashtirish, xavfsizlik qoidalarini buzish va favqulodda vaziyatlarga javob berish protokollari mavjud edi.
