Vladimir Putin Ukrainani BMT nazoratiga o‘tkazishni taklif qildi

Vladimir Putin Ukrainani u yerda saylovlar o‘tkazish uchun vaqtincha BMT nazoratiga o‘tkazish imkoniyatini istisno qilmasligini aytdi. Bu haqda u Murmanskdagi atom suv osti kemasi dengizchilari oldida qilgan chiqishida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday choradan maqsad tinchlikni ta’minlash uchun "samarali hukumat"ni hokimiyatga olib kelishdir.
"Aslida, AQSH, Yevropa davlatlari va, albatta, bizning sheriklarimiz va do‘stlarimiz ishtirokida BMT tomonidan vaqtinchalik boshqaruv imkoniyatini muhokama qilish mumkin", dedi u.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiya “tinch yo‘l bilan kelishuv tarafdori, lekin o‘z manfaatlari evaziga emas”. U, shuningdek, qo‘shimcha qildi: “Biz tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni boshlaymiz, butun dunyoda tan olinadigan va barqarorlik uchun asos bo‘ladigan qonuniy hujjatlarni imzolaymiz”. Shu bilan birga, u Rossiya armiyasi Lugansk viloyatining deyarli butun hududi hamda Donetsk, Xerson va Zaporojya viloyatlarining salmoqli qismini nazorat qilishini yana bir bor ta’kidladi.
“Biz ularga oxirgi zarbani beramiz, deb ishonishga asos bor”, — dedi Putin Ukraina armiyasini nazarda tutib.
Tinchlik haqidagi bayonotlar bilan bir qatorda, Putin Arktikadagi harbiy ishtirokni oshirish haqida gapirdi. U mintaqada garnizonlarni qurish va rekonstruksiya qilishni tezlashtirishni buyurdi.
– Bu, albatta, harbiy sohamizning mustahkamlanishi bilan bog‘liq, – dedi u.
Yakunida Putin AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning Daniyadan Grenlandiyani sotib olish ehtimoli haqidagi rejalariga izoh berdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, “buni g‘ayrioddiy nayrang deb hisoblash xato bo‘lardi”. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyaga anchadan beri qiziqish bildirgan va uni “juda jiddiy” qabul qiladi.