Videoselektor: Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini ta’kidladi

Videoselektor: Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini ta’kidladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2023 yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini ta’kidladi.

Natijada o‘tgan yilning o‘zida kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, bunda hokim yordamchilari 1 million nafar aholini kasb-hunarga o‘qitib, tadbirkorligini boshlashga ko‘maklashgani, daromadli ish bilan band qilgani muhim omil bo‘lgani qayd etildi.

Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilindi, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi.

Bu ishlarni 2023 yilda davom ettirish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha barcha tarmoq va hudud rahbarlariga aniq topshiriqlar berilgan.

Jumladan, 2023 yilda 5 million nafar aholi bandligini ta’minlash, shu jumladan 2 millionta doimiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, Andijon viloyati joriy yilda investisiya loyihalari hisobiga 40 mingta, paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berish hisobiga 75 mingta va mavsumiy ishlar orqali 200 mingta, mahallalarda mikromarkazlar tashkil etish, sanoat zonalarida ishlab chiqarishni kengaytirish va markaziy ko‘chalarni xizmatlarga ixtisoslashtirish, savdo-servis ob’ektlarini barpo etish hisobidan 135 mingta; oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar hisobidan 20 mingta ish o‘rinlari yaratishni reja qilgan.

Yoki, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida kartoshkachilikni yo‘lga qo‘yib, 10 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash, bog‘larning sug‘orish tizimini tiklash hisobiga 2 ming, Ko‘kdalada tarvuz ekishni yo‘lga qo‘yib, 32 ming, Mirishkorda dala chetlariga
tut ektirish hisobiga pillachilikda qo‘shimcha 6 ming aholini daromadli qilishni reja qilgan.

“Qolgan viloyatlar-chi? Bu borada hududlarning dasturlari bilan birma-bir tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning ichiga kirmagan”, - dedi Prezident.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!