Venesiya kinofestivalida Ilon Mask haqidagi hujjatli film namoyish etiladi
Amerikalik rejissyor va hujjatli filmlar muallifi Aleks Gibni Ilon Mask haqida «Niqob» nomli hujjatli film suratga oldi. Kartina premyerasi 83-Venesiya xalqaro kinofestivali doirasida bo‘lib o‘tadi.
The Hollywood Reporter ma’lumotiga ko‘ra, filmning davomiyligi qariyb to‘rt soatni tashkil etadi.
Loyiha muallifi AQShning qiynoq siyosati haqidagi «Qorong‘u tomonga taksi» filmi uchun «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan rejissyor Aleks Gibni hisoblanadi.
Gibni 2023 yil mart oyida Ilon Mask haqida film ustida ishlayotganini ma’lum qilgan va uni Tesla, SpaceX hamda X ijtimoiy tarmog‘i rahbarining «aniq va bezaksiz tadqiqoti» deb ta’riflagan.
Venesiya kinofestivali badiiy rahbari Alberto Barberaning ta’kidlashicha, filmda Maskning faoliyati, bahsli qarorlari va bir inson qo‘lida jamlangan ulkan ta’sir kuchi tahlil qilingan.
Hujjatli film ustidagi asosiy ishlar 2025 yil boshida yakunlangan. Biroq Ilon Maskning Donald Trampning prezidentlik kampaniyasini qo‘llab-quvvatlashi hamda AQSh hukumatidagi DOGE (Hukumat samaradorligi departamenti) bilan bog‘liq faoliyati tufayli rejissyor film montajini qayta ko‘rib chiqqan.
