Vaziyat yumshadi: Misr prezidenti 12 yil deganda ilk bor Turkiyaga bordi

Vaziyat yumshadi: Misr prezidenti 12 yil deganda ilk bor Turkiyaga bordi

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan muzokaralarda ishtirok etish uchun bugun rasmiy tashrif bilan Anqaraga bordi. Bu mintaqaviy kuchlar o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashgan bir paytda ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi 12 yildagi birinchi prezident tashrifidir.

Uchrashuv Rejep Tayyip Erdog‘anning fevral oyida Qohiraga safari ortidan bo‘lib o‘tdi, bu uning 2012 yildan beri birinchi bo‘lib o‘n yil davomida keskin taranglashgan munosabatlarni tiklash yo‘lidagi katta qadami bo‘ldi.

Misr prezidentining Anqaraga tashrifi 2014 yilda lavozimga kirishganidan beri ilk bor va uning turkiyalik hamkasbi Rejep Tayyip Erdog‘an taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.

- Turkiya va Misr o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama ko‘rib chiqiladi va hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi davrdagi mumkin bo‘lgan qo‘shma qadamlar muhokama qilinadi, — deyiladi Turkiya prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Bir kunlik tashrif doirasida ikki davlat oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Turkiya-Misr munosabatlari har tomonlama ko‘rib chiqiladi va o‘zaro savdo aylanmasini yiliga 10 milliard dollardan 15 milliard dollarga oshirish uchun tashlanishi mumkin bo‘lgan mushtarak qadamlar muhokama qilinadi.

Misr va Turkiya rahbarlarining muzokaralarida Falastin-Isroil mojarosini tartibga solish, boshqa mintaqaviy va global muammolarni ham muhokama qilish rejalashtirilgan.

- Ikki tomonlama munosabatlardan tashqari, dolzarb mintaqaviy va global muammolar, ayniqsa Isroilning G‘azo sektori va bosib olingan Falastin hududlariga hujumlari yuzasidan fikr almashiladi, — deya qo‘shimcha qildi Turkiya prezidenti matbuot xizmati.

Tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida energetika, mudofaa, turizm va ta’lim kabi sohalarni qamrab olgan 20 ga yaqin shartnoma imzolanishi kutilmoqda. Qayta tiklanadigan energiya va suyultirilgan gaz sohasidagi hamkorlik ham kun tartibida, deb xabar beradi Anadolu agentligi.

Turkiyaga davlat rahbarlari darajasidagi oxirgi tashrif 2012 yilda Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy tomonidan amalga oshirilgan edi.

Anqara va Qohira o‘rtasidagi munosabatlar 2013 yilda Misrning amaldagi prezidenti, o‘sha paytdagi armiya qo‘mondoni Abdulfattoh as-Sisi Turkiyaning ittifoqchisi sifatida ko‘rilgan “Musulmon birodarlar” yetakchisi Muhammad Mursiyni ag‘darganidan so‘ng keskin yomonlashgan.

2013 yilda har ikki davlat o‘z elchilarini chaqirib olgan edi. 2021 yilning mart oyida Turkiya TIV Misr bilan diplomatik darajada aloqalar tiklanishini e’lon qildi. 2023 yil iyul oyida ikki davlat Anqara va Qohiraga elchilarini tayinlash orqali diplomatik munosabatlarni to‘liq tikladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!