AQSh eronlik va suriyalik qochqinlarni Markaziy Afrika Respublikasiga deportasiya qilishni rejalashtirmoqda
Reuters agentligining xabar berishicha, AQSh ma’muriyati boshpana so‘ragan bir qator muhojirlarni Markaziy Afrika Respublikasiga (MAR) deportasiya qilishni rejalashtirmoqda. Ular orasida Eron, Suriya, Afg‘oniston va Turkiyadan kelgan fuqarolar ham bor.
Manbalarga ko‘ra, birinchi reys bilan taxminan 20 nafar muhojir jo‘natilishi mumkin.
Eronlik muhojirlardan birining advokati Emili Trostl Reuters'ga ma’lum qilishicha, deportasiya qilinishi rejalashtirilayotganlar orasida demokratiya tarafdori bo‘lgan faol ayol va xristianlikni qabul qilgan eronlik ayol ham bor.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ikki ayol 2024 yil noyabr oyida AQShga kelib, siyosiy boshpana so‘ragan. Sud ularning Eronga qaytarilgan taqdirda ta’qib yoki qiynoqqa uchrash xavfi yuqori ekanini inobatga olib, avvalroq deportasiyani to‘xtatgan edi.
Shuningdek, muhojirlar orasida siyosiy ta’qiblardan qochib kelgan Turkiya fuqarosi ham bor. Uning advokati ma’lum qilishicha, sud bu shaxsni ham deportasiya qilishni avval rad etgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 7 iyun kuni AQSh va Markaziy Afrika Respublikasi o‘rtasida Vashington tomonidan chiqarib yuborilayotgan muhojirlarni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida xabar berilgan edi.
Avvalroq AQSh ma’muriyati shunday muhojirlarni Kongo Demokratik Respublikasi, Gana, Syerra-Leone va Ekvatorial Gvineyaga ham jo‘natgan.
Agentlik ta’kidlashicha, ko‘p holatlarda ushbu muhojirlar AQSh immigrasiya sudlari tomonidan o‘z vataniga majburiy qaytarilishdan huquqiy himoya olgan shaxslar hisoblanadi. Bu esa inson huquqlari himoyachilari va advokatlar tomonidan jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.
