Muzokaralar uchun 60 kun? Kelajakdagi Eron—AQSh o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi haqida nimalar ma’lum?
Payshanba kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi e’lon qilgan zarbalarini bekor qildi va Tehron bilan kelishuv yakunlanish arafasida ekanini ma’lum qildi. Shundan so‘ng bir qator ommaviy axborot vositalari bir vaqtning o‘zida ikki mamlakat o‘rtasidagi bo‘lajak «o‘zaro anglashuv memorandumi» haqida yangi tafsilotlarni e’lon qildi.
Tehron ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda, ammo jurnalistlar ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatda harbiy harakatlarni to‘xtatish (jumladan, Livanda ham), yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar, Hurmuz bo‘g‘ozining ochilishi hamda AQSh dengiz blokadasining bekor qilinishi nazarda tutilgan.
Trampning bayonotlaridan so‘ng Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy Tehron hali AQSh bilan kelishuv bo‘yicha yakuniy qarorga kelmaganini aytdi va yaqinlashayotgan kelishuv haqidagi xabarlarni taxminiy ma’lumotlar deb atadi.
Biroq 12 iyun, juma kuni ertalab «Mehr» axborot agentligi o‘zaro anglashuv memorandumining taxminiy loyihasini e’lon qildi. Shuningdek, «Aksios» nashri ham hujjat bilan tanishganini va uning asosiy bandlari haqida xabar berganini ma’lum qildi.
Kelishuv qaysi bosqichda?
Vashington va Tehron o‘rtasida vositachilik qilayotgan davlatlardan biri diplomati «Aksios» nashriga ko‘ra:
«AQSh va Eron kelishuv matni bo‘yicha kelishib oldi».
Biroq hujjat hali rasman imzolanishi kerak.
11 iyun, payshanba kuni kechqurun kelishuv Eron tomonida yuqori darajada ma’qullangan, ammo ehtimol mamlakat Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy tomonidan hali tasdiqlanmagan. Bu haqda «Aksios» manbalariga tayanib xabar berilgan. Shu kabi ma’lumotni «Blumberg» ham keltirgan.
So‘nggi ikki oy davomida tomonlar kelishuvga yaqinlashgani haqida bir necha bor xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, amalda hech qanday kelishuvga erishilmagan. Biroq «Aksios» manbalari yangi memorandum istiqboliga nisbatan optimistik munosabat bildirmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanba kechqurun Qatar vositachisi Ali at-Tavadiy hamda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy o‘rtasida bir necha soat davom etgan muzokaralardan keyin dastlabki kelishuvga erishilgan.
«Aksios» manbalariga ko‘ra, ushbu muzokaralar vaqtida At-Tavadiy AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan.
