Vazir sobiq deputat Kobul Dusov va XTV ishi haqida gapirdi: «Shuncha odamni xoin degani uchun kim bo‘lishidan qat’i nazar javob berishi kerak»
O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasini rivojlantirish masalasida qabul qilinishi kutilayotgan O‘zbekiston prezidenti farmoni loyihasi yuzasidan 24 oktyabr kuni AOKAda matbuot anjumani o‘tkazildi. Undan bir qator vazirlik va tashkilot rahbariyati ishtirok etdi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov OAV vakillarining savollariga javob qaytararkan, u XTV va sobiq deputat Kabul Dusov ishi bo‘yicha ham o‘z fikrlarini bildirdi.
«Vazirlik uni sudga bergan. Chunki u o‘tirib olib, tizimdagi barcha xodimni xoin, degan. 700 mingli sohani xoin deyishga hech kimning haqqi yo‘q. O‘zim har doim aytib kelgan tizimdagi mavjud muammolarni yana qaytarib, o‘zimga aytish shart emas. Lekin shuncha odamni xoin degani uchun kim bo‘lishidan qat’i nazar javob berishi kerak. U xoh sobiq deputat bo‘lsin, xoh amaldagi deputat bo‘lsin. Yana ta’kidlamoqchiman, uni men emas, vazirlik sudga bergan. Inson sifatida men ham sudga berishim mumkin edi aslida. Ammo duch kelgan odam bilan sudlashmayman-ku. Keyin hozir vaqtimni shunga sarflab nima qilaman?!», — dedi Shermatov.
Ma’lumot uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan ko‘pchilikka tanish sobiq deputat Kabul Dusov 2020 yilning 24 iyunida internetdagi sahifasi orqali Xalq ta’lim tizimini tanqid qilgan edi. U o‘z videomurojaatida attestasiya tizimining korrupsiyaga botganligi, maktablardagi sharoitlarning yomonligi, o‘qituvchilar oyligi pastligi hamda tizimning og‘ir ahvoli haqida gapirgandi.
Mazkur videomurojaat tufayli Xalq ta’limi vazirligi Kabul Dusov ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgandi. Unda Dusovning tanqidiy videomurojaati orqali vazirlikning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatgani aytiladi.
Shundan so‘ng, Dusov va vazirlik o‘rtasida bir necha marotaba sud majlisi bo‘lib o‘tdi. 23 sentyabr kuni o‘tkazilgan sud majlisida sudya Kabul Dusovning videomurojaatida aytgan so‘zlari ustidan sud-lingvistik ekspertizasi tayinlash va uni o‘tkazishni Chirchiq davlat pedagogika instituti zimmasiga yuklash to‘g‘risida ajrim chiqardi. Ajrimga ko‘ra, mazkur fuqarolik ishini ko‘rish ekspertiza xulosasi olingunga qadar to‘xtatildi.