Vashington Rossiyaning Sumiga zarbasini qoralashdan bosh tortdi

Qo‘shma Shtatlar o‘zining “Ettilik” guruhi (Katta yettilik) ittifoqchilariga Rossiyaning 13 aprel kuni Ukrainaning Sumi shahriga 35 kishining hayotiga zomin bo‘lgan hujumini qoralagan bayonotni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi.Bu haqda Bloomberg diplomatik yozishmalardan xabardor manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Agentlik manbalariga ko‘ra, prezident Donald Tramp ma’muriyati rad javobini Rossiya bilan “tinch muzokaralar uchun makonni saqlab qolish” zarurati bilan izohlagan.
Bu yil G7ga raislik qilayotgan Kanada boshqa a’zolarga qo‘shma bayonotni AQSh roziligisiz e’lon qilish mumkin emasligini maslahat berdi.
Hujjat Sumiga qilingan hujum Rossiyaning urushni davom ettirish niyatini tasdiqlaganini ta’kidlash uchun mo‘ljallangan edi. Biroq Vashingtonning pozisiyasi tufayli bayonot qabul qilinmadi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Sumiga qilingan hujumdan so‘ng 50 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. Bu haqda u dushanba kuni qilgan murojaatida ma’lum qildi.
Sumi markaziga hujum Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh maxsus vakili Stiv Vitkoff o‘rtasidagi uchrashuvdan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi. Muzokaralar 11 aprel kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan va deyarli besh soat davom etgan. Uchrashuv mavzusi mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish edi.
Hujumdan bir kun o‘tib, Ukrainaga Patriot zenit-raketa komplekslari sotilganini izohlar ekan, Donald Tramp Ukrainadagi urushga "hech qanday aloqasi" yo‘qligini aytdi. U, shuningdek, urushni Jo Bayden va Zelenskiy boshlaganiga ishora qilib, qo‘lidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Sumida “xato qilganini” qo‘shimcha qildi.