“O‘zkimyosanoat” AJ: 9,6 milliard so‘mlik mineral o‘g‘itlar kamomadi aniqlandi
AOKAda “O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojakbar To‘laganov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda 2024 yilning o‘tgan 9 oyi davomida korxona tarmog‘ida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, hisobot davrida umumiy 49 ta tender tanlovi va tuzilgan shartnomalar qayta ko‘rib chiqilgan va ular bekor qilingan. Buning natijasida 18,4 milliard so‘m miqdorida noqonuniy sarflanishi mumkin bo‘lgan mablag‘larning tejalishiga erishildi. Bu harakatlar korrupsiyaga qarshi olib borilgan qat’iy chora-tadbirlarning samaradorligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, “O‘zkimyosanoat” AJda 16 ta, “Navoiyazot” AJda 32 ta, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda 9 ta, “Maksam-Chirchiq”AJda 15 ta, “Ammofos-Maksam” AJda 12 ta va “O‘zkimyoimpeks” MCHJda 11 ta ichki idoraviy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, jami aniqlangan 18 ta holatda korrupsiyaga olib keluvchi omillarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Brifingda ma’lum qilinishicha, jismoniy va yuridik shaxslardan “O‘zkimyosanoat” va uning tarmoq korxonalariga korrupsiya va boshqa qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha kelib tushgan 32 ta murojaat tekshirildi. Tekshiruv natijasida 12 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilinib, 24 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.
–Bundan tashqari, “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi buyrug‘iga muvofiq, maxsus ishchi guruh tashkil etilib, joriy yilning 2-choragida “Navoiyazot”, “Maksam-Chirchiq”, “Ammofos-Maksam” va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJlarning turli hududlardagi 140 ta mineral o‘g‘it omborida tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida 3 ta holatda 9,6 milliard so‘mlik mineral o‘g‘itlar kamomadi aniqlandi va hozirgi paytga qadar 5,2 milliard so‘mlik moddiy zarar undirildi. Ushbu chora-tadbirlar “O‘zkimyosanoat” AJda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlashga, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, kelgusida ham bu sohadagi ishlar izchil davom ettiriladi, –dedi H.To‘laganov.