Biznes ombudsman Toshkentda tashqi reklamalar olib tashlanayotganiga munosabat bildirdi
Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Toshkentda tadbirkorlarga tegishli tashqi reklamalar olib tashlanayotganiga munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, tashqi reklama ob’ektlarini o‘rnatish tartibi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun, Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.
“Shu bilan birga, o‘rnatilgan tashqi reklama ob’ektlari qonunchilik talablariga muvofiq ravishda bajarilmasa konstruksiyalar tashqarisida joylashtirilgan plakatlar va e’lonlar noqonuniy hisoblanishi va belgilangan tartibda ularning egalari hisobidan demontaj qilinishi lozimligi belgilangan”, deyiladi munosabatda.
Biznes ombudsman agarda tadbirkorlarning qonun talablariga muvofiq o‘rnatilgan tashqi reklama ob’ektlari noqonuniy buzilayotgan holatlar mavjud bo‘lsa, 11 00 qisqa raqami orqali xabar berishni so‘radi.
Toshkentda 10 noyabr kuni noqonuniy tashqi reklamalarni olib tashlash bo‘yicha reydlar o‘tkazish boshlandi.
Xususan, Mirobod hokimligi mutasaddilari ishtirokida bugun olib borilgan reyd tadbirlarida Nukus, Shahrisabz, Farg‘ona yo‘li va boshqa qator ko‘chalarda joylashgan ko‘p qavatli uylarning fasad qismi, piyodalar yo‘laklarida o‘rnatilgan 120 dan ortiq noqonuniy reklama va turli e’lonlar bannerlari demontaj qilindi.
Yakkasaroy tumanidagi reydda Bobur va Nukus ko‘chalarida joylashgan 16 qavatli ko‘p qavatli uyning fasad qismiga joylashtirilgan reklama banneri tegishli soha mas’ullarining xulosasiga asosan bartaraf etildi.
Chilonzor tumanida ko‘chalar va katta yo‘llar chekkalariga o‘rnatilgan noqonuniy reklama bannerlarini bartaraf etish ishlari doirasida Arnasoy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning oldi tomoniga osib qo‘yilgan noqonuniy reklama bannerlari olib tashlandi.