O‘zbekona ro‘mol o‘rash Islom diniga to‘g‘ri keladimi?

O‘zbekona ro‘mol o‘rash Islom diniga to‘g‘ri keladimi?

Xalqimiz ming yillardan beri Islom diniga e’tiqod qilib keladi. Bu yillar davomida Islom dini va shariati qon-qonimizga singib ketgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu albatta kiyinish madaniyatiga ham ta’sir etmay qolmagan. Yaqin o‘tmishimizda onalarimiz o‘ragan paranji satri avrat taqvosining cho‘qqisi edi. Sho‘ro hukumati davrida nafaqat tariximizga, madaniyatimizga, balki o‘zligimizga ham tajovuz qilindi. Qattol tuzum avvalo onalarimiz boshidagi paranjiga yopishdi. Sababi milliyligimizning asosiy tashqi ko‘rinishi shu ayollarimizning paranjisiyu erkaklarimizning do‘ppisida namoyon bo‘lar edi. Shunda ham xalqimiz osonlikcha taslim bo‘lmadi. Aksar onalarimiz boshlaridagi ro‘mollarini saqlab qolishdi. Ana shuning uchun ham bugun o‘sha, boshni ortidan o‘ralgan ro‘mol kurashuvchan o‘zbek ayollari ramzi, milliy kiyim sifatida ko‘rilayotgandir, bilmadim. Bugungi kunda ham aynan shu ko‘rinishda kiyinishga targ‘ib qilinmoqda. Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich ham so‘nggi nutqlarida ana shunday kiyinishni e’tirof etib, bunday ro‘mol o‘raganlarni “Muqaddas o‘zbek onasi timsoli” deb atab, “bunday kiyinishga hech kim hech qachon qarshilik qilmaydi”, deb aytgan edilar.

Endi biz uchun eng asosiy savolga to‘xtalib o‘tsak: Bunday milliy libos shariatga to‘g‘ri keladimi?

Buning uchun mazhabimizning eng mo‘’tabar fiqhiy matn kitobi “Muxtasar ul-viqoya”ga murojaat qilamiz.

  وعورة الرجل من تحت سرّته الى تحت ركبته والأمة هذا مع ظهرها وبطنها والحرّة كلّ بدنها الا الوجه والكفّ والقدم

Erkakning avrati kindigi ostidan tizzasi ostigachadir. Cho‘riniki mana shu (kindik ostidan tizzasi ostigacha) orqa va qorni bilan birgadir. Hur ayolning avrati butun badanidir. Magar yuzi, kafti (bo‘g‘imigacha) va qadami (to‘pig‘igacha) avrat emas.

Bundan ko‘rinib turibdiki, ayol kishining avrati butun badani bo‘lib, faqatgina yuzi, kafti (bo‘g‘imigacha) va oyog‘i (to‘pig‘igacha) bundan mustasno ekan. Yurtimizda badanni to‘sish, sochni ro‘mol bilan berkitish, to‘piqqacha tushib turuvchi uzun ko‘ylak kiyish ayollarimiz uchun odatiy hol ekanini hisobga olsak, asosiy muammo bo‘lib, bosh qism, ya’ni yuz va bo‘yin qismi qolmoqda. Matnda bo‘yin haqida gap ketmagan bundan kelib chiqadiki, bo‘yin avrat bo‘lib yopilishi shart. Buni uzun yoqali ko‘ylaklar orqali amalga oshirsa bo‘ladi, inshaalloh. Ikkinchi masala yuz qismi bo‘lib, uning miqdori peshanadagi soch chiqmaydigan joydan iyakkacha, ikki quloq orasi xisoblanadi. Bugungi urfda o‘ralayotgan ro‘mollarda esa ba’zi yuz qismlari ochilib qolyapti. Ba’zi o‘rinlarda esa iyakdagi sochning bir qismi ham ko‘rinib qolayapti. Bu esa satri avratning ochilib qolishi demakdir. Bunda ro‘molni biroz pastroqdan o‘rab, yoqasi uzun ko‘ylak bilan yuzning qolgan qismini yopish zarur bo‘ladi.

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib, milliy ko‘rinishdagi ayollar libosini ma’lum qismlarigina shar’iy talablarga javob bermaydi. Uni yuqoridagi tavsiyalar orqali shar’iy ko‘rinishga keltirish mumkin, inshaalloh. Bunda ro‘mol va kiyimning rangi muhim emas. Lekin imkon qadar jimjimador, e’tibor tortmaydigan ranglardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yana bir muhim eslatma: ayol kishining yuzi, oyog‘i va kafti avrat hisoblanmasa-da, unga zaruratsiz nazar solib bo‘lmaydi. Nazar solganda esa shahvatdan xoli bo‘lishi shart qilinadi.

Qudratulloh Ahmad

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!