Qirg‘izistonda sobiq DXX rahbarining qarindoshi qo‘lga olindi
Bu haqda ExpressAsia xabar bermoqda.
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, «Qirg‘izneftegaz» kompaniyasidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha olib borilgan tergov doirasida 4 nafar gumonlanuvchi ushlandi.
Ushlanganlar orasida: Kamchibek Tashiyevning jiyani, sobiq kompaniya direktori, Baygazi Matisakov (1990 y.);
«Qirg‘izneftegaz» boshqaruvining sobiq raisi Nurgazi Nishanov (1983 y.);
Boshqaruv raisi o‘rinbosari Ruslan Altimishev (1980 y.);
«Region Oyl» kompaniyasi direktori Nazgul Aydarova (1988 y.) bor.
Prezident administrasiyasi axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek Orunbekovga ko‘ra, Tashiyevlar bilan bog‘liq firmalar mahalliy neftetreyderlarni talab yuqori bo‘lmagan eski yoqilg‘ini majburan xarid qilishga undagan.
Shu bilan birga, «Qirg‘izneftegaz»da qazib olingan sifatli neftni qayta ishlab, «Kirgiz Petroleum Kompani» orqali sotish rejalashtirilgan. Ammo uskunalarning eskiligi va ayrim guruhlar ta’siri sabab zavod asosan AI-80 benzini ishlab chiqargan, bu esa ichki bozorda talab past bo‘lgan mahsulot hisoblanadi.
Natijada, ikki mahalliy kompaniya bosim ostida ushbu yoqilg‘ini qabul qilib, uni Rossiyadan import qilingan sifatli benzin bilan aralashtirib, bozorda sotgan.
Orunbekovning ta’kidlashicha, Kamchibek Tashiyev lavozimni tark etganidan so‘ng bunday amaliyotlar to‘xtagan va korxona omborlarida katta hajmda benzin to‘planib qolgan.
Hozirda mazkur ish yirik korrupsiya tizimini fosh etish jarayonining boshlanishi sifatida baholanmoqda. Tergov harakatlari davom etmoqda.
