O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi ushbu davlat prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Ramchandra Paudelga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Nepal rahbari O‘zbekistonning birinchi elchisi tayinlangani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Toshkent bilan ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Nepal tomoni gidroenergetika, turizm va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro aloqalar uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Prezident Ramchandra Paudel, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. U global iqlim o‘zgarishi va tog‘lar ekologiyasi kabi dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda ishlashga bo‘lgan o‘zaro qiziqishga e’tibor qaratdi.
Suhbat yakunida Ramchandra Paudel Nepalning uzoq muddatli do‘stona sheriklikka sodiqligini tasdiqladi va O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va Nepal o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2018 yil 26 yanvar kuni o‘rnatilgan.
