O‘zbekistonning JSTga kirishini faollashtirish zarur

O‘zbekistonning JSTga kirishini faollashtirish zarur

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov raisligida Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda joriy yil 21-22 iyun kunlariga belgilangan O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning navbatdagi 5-yig‘ilishiga tayyorgarlik jarayoni tanqidiy ko‘rib chiqildi.

JSTga qo‘shilish 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Shu nuqtai nazardan vazifani bajarishda tegishli vazirlik, idoralar bilimli, malakali kadrlari salohiyatidan foydalanish lozimligi qayd etildi.

Ishchi guruhning bo‘lajak yig‘ilishi doirasida ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarga tayyorgarlik, shu jumladan, ilgari taqdim etilgan Faktologik xulosa, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, intellektual mulk huquqini himoya qilish to‘g‘risida ma’lumot berildi, boshqa hujjatlar muhokamasiga oid axborot tinglandi.

Tegishli vazirlik, idoralar rahbarlariga Ishchi guruhning 5-yig‘ilishi va muzokaralarga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan manzilli ko‘rsatma berildi.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bo‘lajak tadbirlarga tayyorgarlik jarayonini muvofiqlashtiradi va muntazam kuzatib boradi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 5-yig‘ilishida ishtirok etish maqsadida safarga yuborilayotgan Muzokara guruhi har bir a’zosining vazifasi tushuntirildi. Tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha muzokara jarayonini faollashtirish chorasini ko‘rish hamda keyingi bosqichga, ya’ni ishchi guruh hisoboti loyihasini shakllantirishga o‘tish lozimligi ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!