O‘zbekistonning JCH-2026ga chiqish imkoniyati 92,6 foizga yetdi

Osiyoda 2026 yilgi jahon chempionati hal qiluvchi saralash bosqich 7-tur o‘yinlaridan keyin We Global Football portali milliy jamoalarning okean ortidagi turnirga borish imkoniyati foizlarini yangiladi. Qirg‘iziston ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng O‘zbekistonning mundialda ishtirok etish imkoniyati yanada oshdi.
O‘zbekiston milliy jamoasining 4-turda Birlashgan Arab Amirliklari ustidan qozongan g‘alabasidan (1:0) keyin A guruhidan JCH-2026 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoniyati 93,1 foizga ko‘tarilgan, Qatardan uchralgan mag‘lubiyatlan keyin esa Srechko Katanes murabbiyligida bo‘lgan jamoaning imkoniyati 93,1 foizdan 84,8 %ga pasaytirilgandi. Shimoliy Koreya ustidan g‘alabadan (1:0) keyin esa statistik portal O‘zbekistonning mundialga chiqish imkoniyatini 86,7 foizga oshirgandi. 7-turda Qirg‘iziston ustidan erishilgan minimal g‘alabadan keyin esa Temur Kapadze shogirdlarining imkoniyati 6 foizga oshib, 92,6 %ga yetdi.
Mamlakatimiz milliy jamoasi mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun da’vogarlar orasida Yaponiya, Eron va Janubiy Koreyadan keyingi 4-o‘rindan joy olgan. Yaponlar so‘nggi turda yo‘llanmani naqd qilishdi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston milliy jamoasining 3-turda Eron bilan durang (0:0) qayd etganidan keyin A guruhidan JCH-2026 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olish imkoniyati 75,9 foizdan 82,8 foizga ko‘tarilgan edi. 2-turda Qirg‘iziston ustidan erishilgan g‘alabadan (3:2) keyin O‘zbekistonning imkoniyati 70,3 foizdan 75,9 foizga ko‘tarilgan, JCH-2026ga chiqa olmaslik imkoniyati esa 1 foizdan 0,4 foizgacha pasaytirilgan edi.
A guruhidan Eronning JCH-2026ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borish imkoniyati eng yuqori baholangan – 100 %. Portal forslarning mundialga borishi deyarli aniq deb hisoblamoqda.
Osiyo milliy jamoalarining 7-turdan keyin JCH-2026ga borish imkoniyatlari (We Global Football talqini):
1. Yaponiya – 100% (6-turdan keyin – 99.9 % edi, JChga chiqdi)
2. Eron – 100% (99.6 %)
3. Janubiy Koreya –98,8% (99.2 %)
4. O‘zbekiston – 92.6% (86.7%)
5. Avstraliya – 80.6% (79.2 %)
6. Iroq – 53.9% (77.9 %)
7. Iordaniya – 41,5 % (21,4 %)
8. Saudiya Arabistoni – 14.4% (11.4 %)
9. BAA – 6 % (12,6 %)
10. O‘mon – 5,8 % (4 %)
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston navbatdagi turda 25 mart kuni Tehronda Eron milliy jamoasi mehmoni bo‘ladi. Milliy jamoamiz A guruhida peshqadam Erondan (19) keyingi 2-o‘rinni (16 ochko) egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 uchun Osiyoga 8,5 o‘rin ajratilgan. Uchta guruhdan 2tadan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqsa, guruhlardagi 3-4-o‘rindagi jamoalar pley-offlar orqali qolgan 2,5ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi. Jahon chempionati 2026 yilning 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksikaning 16ta shahrida bo‘lib o‘tadi.