O‘zbekistonlik mutaxassislar ajriq ildizidan qahva olishni o‘zlashtirdi. U saratonga davo bo‘lishi mumkin. Ammo...
O‘zbekistonlik mutaxassislar ajriq ildizidan qahva olishni o‘zlashtirdi. U saratonga davo bo‘lishi mumkin. Ammo ushbu innovasion g‘oyani amalga oshirish uchun mablag‘ yo‘q. Shu bois loyiha mualliflari mana uch oydan beri hali u eshikka, hali bu eshikka bosh suqish bilan ovora-yu sarson. Ushbu innovasion g‘oya mualliflari bilan suhbatimiz ham ana shu mavzuda bo‘ldi.
Aslida yurtimizdagi har bir giyohda foydali xususiyat bor. Hattoki yovvoyisida ham, deydi Chinoz tumani Ekodunyo fermer xo‘jaligi rahbari Dilnoza Yo‘ldosheva. Ma’lumki, ajriq qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazuvchi yovvoyi o‘t hisoblanadi. Dehqon va fermerlarimizni qiynayotgan muammolardan biri ham aynan ekin maydonlarini ajriqdan xalos qilish, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Ammo ushbu zararli o‘simlikdan ham foydali mahsulot olish mumkin.
Ajriq tomiridan olinadigan qahva shifobaxsh xususiyati bilan e’tiborli, deydi ushbu g‘oya mualliflaridan yana biri Guljahon Mavlonova. Uni har qanday yoshda iste’mol qilish mumkin. Tarkibidagi tabiiy moddalar quvvatbaxshdir. Buyuk alloma Ibn Sino aytganlaridek, dori ovqatday bo‘lishi kerak, ovqat doriday. Ajriq tomiridan olinadigan qahva esa ayni shu ta’rifga mos. Kasbim tabibligi bois, o‘simliklarga e’tiborim, mehrim bo‘lakcha. Har qanday zararli o‘tda ham bir foydali jihat ko‘raman.
O‘simlikshunos fermer ayollarning fikricha, ajriq ildizi odam organizmi uchun foydali. U hatto saratonni davolashi ham mumkin! Boisi ajriqda yashovchanlik xususiyati o‘ta kuchli.
Ko‘p kuzatganmiz, ajriq suvsiz yerlarda, cho‘llarda, hatto betonlar orasini yorib chiqib ham o‘sib chiqadi va tez ko‘payadi. Unda hayotga tashnalik kuchli. Ajriq ildizini terib olish, tozalab quritish, undan qahva tayyorlash esa oddiy jarayon emas. Boisi ildizlar noyabr fevral oylar oralig‘ida yerdan qazib olinishi kerak bo‘ladi. Buning uchun ishchi kuchi, asbob-uskuna va mablag‘ zarur , - deydi fermer.
Shu kunlarda fermerlar mana shu innovasion loyihani amalga oshirish uchun astoydil harakat qilmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan ushbu turdagi qahva tekshirilib, iste’molga yaroqli, deb tasdiqlandi. Endi Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan mablag‘ ajratilsa bas. Ammo vaqt o‘tib bormoqda. Negaki, fevral oyining o‘ninchi sanasiga qadar ajriq ildizlari terib olinishi kerak.
Loyihamiz Innovasion rivojlanish vazirligiga juda ma’qul keldi deydi D. Yo‘ldosheva. Hatto bu loyihani poytaxtda ham sinab ko‘rish taklifi berildi. Ammo biz bunga hozircha tayyor emasmiz. Nega deganda, bizning asosiy maqsadimiz chekka hududlarda ham ish o‘rinlari yaratish. Yer bilan tillashishda qishloqdagilarga teng keladigani yo‘q. Ammo bizga xomashyo va ishchilarga haq to‘lashimiz uchun mablag‘ kerak. Agar biz zarur miqdordagi mablag‘ga ega bo‘lsak, nafaqat yangilik yaratgan, ish o‘rinlari tashkil etgan, balki dehqon va fermerlarimizga ham katta foyda keltirgan bo‘lar edik. Chinozda 2.5 ming gektar yer ajriq bosib yotibdi. Respublikamizda esa bunday ekin maydonlari juda ko‘p. Faqat ildizlarni noyabr fevral oylari oralig‘ida ajriq nish urmasdan terib olinishi kerak. Ko‘karishga ulgurgan ajriq ildizidan esa qahva tayyorlab bo‘lmaydi...
Yana bir masala. Yangi noan’anaviy mahsulot iste’molchilarga qanchalik ma’qul tushadi. Uni ommaviylashishiga ishonch bormi? Mutaxassislarning fikricha, loyihaning bu jihati ham e’tibordan chetda qoldirilmagan.
Ajriq ildizidan tayyorlanadigan qahvaning tez fursatda odamlar e’tiboriga tortmasligi mumkin, deydi G. Mavlonova. Biz, bundan aslo xavotirga tushayotganimiz yo‘q. Mahsulot tarkibidagi moddalar inson salomatligiga mutlaqo zararsiz, aksincha, foydali ekanligini tushintirib, buni ilmiy jihatdan isbotlab berishga harakat qilamiz. Ehtimol bu biroz vaqt talab qilar. Biroq ishonamizki, xalqimiz bunga aslo befarq qaramaydi. Qolaversa, tabiiy mahsulotga har joyda ehtiyoj bo‘ladi. Natijalar kutilganidek bo‘lsa, ushbu mahsulotimizni keyinchalik eksport qilishni reja qilganmiz. Yana bir jihati bor. Tabiiy mahsulot, albatta, qimmat bo‘ladi. Aholiga yanada qulay bo‘lishi uchun buning ham sarhisobini olganmiz. Masalan, bir gramm ajriq ildizidan olingan mahsulotdan ikki finjon qahva tayyorlasa bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki tannarx uncha qimmat bo‘lmaydi.
Ajriq ildizidan qahva olish yagona innovasiyamiz emas. Biz yana ko‘plab tabiiy mahsulotlar yetishtirishni rejalashtirganmiz, deya so‘zida davom etdi D. Yo‘ldosheva. Ammo hamma narsa mablag‘ga borib taqalganda ishimiz to‘xtab qolmoqda. Innovasion rivojlanish vazirligiga tinimsiz qatnamoqdamiz. Hali tayinli javob olganimizcha yo‘q. Agar oy oxirigacha mablag‘ olishga ulgursak, qish tugaguncha hech bo‘lmaganda 100 gektar maydondan ajriq ildizlarini berib olgan bo‘lardik.
Ajriq ildizidan kofe tayyorlashni o‘zlashtirilishini chindan ham katta voqea sifatida baholash mumkin. Bu loyihani amalga oshishi orqali nafaqat qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining sifati yaxshilanadi (yurtimizda ajriq bosgan maydon kammi), balki inson salomatligi, iqtisodiyot uchun ham katta foyda keltirishi mumkin. Ya’ni odamlarning bandligi ta’minlanadi, mavsumiy ish o‘rinlari ochiladi. Eng muhimi, kelgusida mahsulotlar jahon bozoriga chiqsa, eksportdan valyuta kelib tushadi. Lekin afsuski, mazkur g‘oyani amalga oshirish cho‘zilib ketmoqda. Negaki, uni hayotga tatbiq etish uchun zarur mablag‘ yo‘q. Shu bois g‘oya mualliflari mana uch oydan beri hali u eshikka, hali bu eshikka bosh suqish bilan ovora-yu sarson. Shunday ekan mazkur masalaga Innovasion rivojlanish vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar ijobiy yechim topadi, degan umiddamiz. Xalq so‘zi mazkur mavzuga yana qaytadi...
Fazliddin ABILOV,
Yulduz O‘RMONOVA,
Xalq so‘zi muxbirlari.
