O‘zbekistonlik erkakning Rossiyadagi ayanchli taqdiri: mushtlashuvdan Ukraina urushi va qamoqqacha
O‘zbekistonlik erkak Rossiyada rus fuqarosi bilan tortishib qolib, mushtlashadi. Unga ikkita shart qo‘yishadi: yo jinoiy javobgarlik va qamoq (shunchaki mushtlashgani uchun), yoki Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash. Hamyurtimiz qamoqdan qo‘rqib, urushni tanlaydi.
Erkak 2023 yilda fuqarolik, keyinroq esa harbiy guvohnoma oladi. 2025 yil may oyida Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaydi va harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi, keyin Ukrainaning Zaporoje viloyati hududidagi jangovar harakatlar zonasiga yuborilgan.
2025 yil iyun oyida erkak raketa zarbasi natijasida jarohat olgan va harbiy gospitallarda davolangan. Oktyabr oyida u O‘zbekistonga qaytib kelgan, u yerda uning mobil telefoni tekshirilganda harbiy kiyimdagi fotosuratlar, shuningdek, jangovar harakatlarda ishtirok etganini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar topilgan.
Sud jarayonida SH.I. o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, Rossiya Federasiyasi fuqarosi bilan mushtlashgani uchun Rossiyada jinoiy javobgarlikka tortilishidan qo‘rqib, bosim ostida shartnoma imzolaganini ma’lum qildi.
Sud-tibbiy ekspertizasi jangovar harakatlar zonasida olingan tan jarohatlari mavjudligini tasdiqladi.
Sud hukmiga ko‘ra, u JKning 154-moddasi (yollanish) va 154-1-moddasi (harbiy xizmatga, xavfsizlik, polisiya, harbiy adliya organlari yoki xorijiy davlatlarning shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) bilan aybdor deb topildi. Sud unga umumiy tartibli koloniyada jazo o‘tash sharti bilan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Rossiyadagi migrantlarimiz uchun sharoit tobora og‘irlashmoqda, tahdid kuchaymoqda. Bu juda xavfli signal.
