O‘zbekistonda umra xizmatini noqonuniy ko‘rsatgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zbekistonda so‘nggi ikki oyda o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, umra lisenziyasiga ega bo‘lmasdan ushbu xizmatni ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmatining bildirishicha, ular Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan ayblanmoqda.
So‘nggi ikki oyda “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida umra faoliyatini lisenziyasiz amalga oshirgan 24 ta turfirmada tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 19 tasi 75 million so‘mdan jarimaga tortilgan (5 tasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilikka asosan Raqobat qo‘mitasiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy ko‘rib chiqish uchun yuborilgan).
Qonunchilikka ko‘ra, umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni lisenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlangan. Shuningdek, fuqarolarni umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoni podshohligiga umra vizasisiz yuborish taqiqlanadi.
Umra safariga borishdan oldin har qanday turfirmaning Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan taqdim etilgan “Umra lisenziyasi” mavjudligini surishtirib olishingizni tavsiya qilamiz. Noqonuniy turfirma yoki turagentlardan ogoh bo‘ling, deyiladi qo‘mita xabarida.
Qo‘mita umra ziyoratini tashkil etish huquqiga faqatgina O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Haj-umra markazi va 12 ta vakolatli sayyohlik kompaniyalari ega ekanligini eslatib o‘tdi: Ihlos travel 1, Yuksak travel Air, Muhtasham travel, Musaffo turizm xizmati, Risola travel lux, Xorazm umra jamiyati, Hikmat Umra Travel, Real Dreams, Travel with family, Sofa Marva tour, B Management va Safar time exclusive.