O‘zbekistonda texnogen chiqindilardan oltin va kumush olish yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonda texnogen chiqindilardan oltin va kumush olish yo‘lga qo‘yildi

Mis eritish zavodining Metallurgiya sexida konverter toshqollarini maydalash uchastkasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda zavodda texnogen chiqindilardan yiliga qo‘shimcha 789 tonna mis katodi, 58 kg oltin va 442 kg kumush ajratib olinadi. Bu haqda Olmaliq kon-metallurgiya korxonasi xabar berdi.

Mis katodi, oltin va kumushlar 24 000 tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash natijasida olinadi.

Aytilishicha, texnogen chiqindilarni qayta ishlash loyihasi uchun ortiqcha mablag‘lar sarf etilmadi.

“Misni boyitish fabrikasini rekonstruksiya qilish davomida almashtirilgan maydalagich (drobilka) metallolomga topshirilmadi, aksincha unga “ikkinchi hayot baxsh etildi”. Natijada mazkur ob’ektni ishga tushirish uchun 395 ming dollar mablag‘ sarflandi”, deyiladi xabarda.

Mis shteynlarini konverterlash jarayonida hosil bo‘ladigan texnogen chiqindilar (toshqollar), aylanma materiallarini maydalash hamda klinker (rux ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindi) bilan xomashyo qorishmasi tayyorlanib, Vanyukov pechida to‘g‘ridan-to‘g‘ri eritiladi.

Xomashyodan mis tayyor mahsulotini ajratib olish ko‘rsatkichi 93,87% tashkil etadi. Buning natijasida qo‘shimcha mahsulot olishga erishiladi.

Ishlab chiqarishda qo‘llanilgan yangi texnologiya yiliga 7,04 mlrd so‘m mablag‘larni tejash imkonini beradi.

Qolaversa,Rux zavodi ham texnogen chiqindilarini qayta ishlash jarayoniga jalb qilindi. Rux zavodining 96 000 tonna texnogen chiqindilarini (klinker) qayta ishlash esa qo‘shimcha 2 028 tonna mis katodi, 121,2 kg oltin va 29,9 tonna kumush olish imkoniyatini yaratadi.

Texnogen chiqindilarni qayta ishlash natijasida yiliga 59,2 mln dollar daromad olinadi.

Qayta ishlash bo‘yicha yiliga 26,2 mln dollar miqdorida mablag‘ sarflanib, 32,9 mln dollar iqtisodiy samaradorlikka erishilishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!