Osiyo kubogi U-17. O‘zbekiston Avstraliyani mag‘lub etib, guruhda birinchi bo‘ldi
Saudiya Arabistoni mezbonlik qilayotgan o‘smirlar (U17) o‘rtasidagi Osiyo kubogida 3-tur bahslari bo‘lib o‘tdi. «D» guruhidan joy olgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Avstraliyaga qarshi bahs olib bordi.
Uchrashuv davomida to‘liq ustunlikka ega bo‘lgan Sergey Chigodayev shogirdlari raqib darvozasiga ikkita javobsiz gol urib, 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Gollarga Mirkomil Murodov (28-daqiqa) va Ahror Ravshanbekov (45-daqiqa) mualliflik qildi.
Shu tariqa, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi guruh bosqichini 6 ochko bilan peshqadam sifatida yakunladi va chorak final yo‘llanmasini naqd qildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqada chorak finalga yo‘l olgan jamoalar avtomatik ravishda Qatarda bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati yo‘llanmasiga ham ega bo‘lishdi. Avvalroq hamyurtlarimiz Hindiston ustidan qozonilgan g‘alaba (3:0) orqali kichik mundial chiptasini naqd qilib qo‘yishgan edi.
O‘zbekiston — Avstraliya 2:0
Gollar: Mirkomil Murodov 28, Ahror Ravshanbekov 45.
O‘zbekiston tarkibi: Olimjon Shomurodov, Muhammad Hakimov, Muhammad Mamatov, Amirxon Erkinov, Islom Ravshanov, Suxrob Sadirjonov, Mirjamol Anvarov, Ahror Ravshanbekov, Adis Abdunabiyev, Laziz Abduraimov, Abubakir Rahimov.
