Pedagoglarning kontraktda o‘qiydigan farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga 30% chegirma joriy etilishi kutilmoqda
Bu haqdagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaning asosiy jihatlari:
➖ pedagog deganda barcha pedagoglar nazarda tutilmoqda, ya’ni ta’lim tashkilotida mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar. Bunda stajining uzoq yil ekanligiga yoki toifasiga (masalan, oliy) qaralmaydi;
➖ faqat davlat oliygohida o‘qiyotgan bo‘lsa, chegirma beriladi, xususiylarga chegirma yo‘q;
➖ faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun chegirma beriladi, kechki, masofaviy yoki sirtqi uchun chegirma yo‘q;
➖ faqat bakalavriat bosqichi uchun chegirma beriladi, magistraturaga chegirma yo‘q;
➖ qo‘shma ta’lim dasturlari uchun ham chegirma berilmaydi;
➖ super-kontrakt uchun chegirma berilmaydi;
➖ faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun chegirma beriladi, xorijlik fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga chegirma berilmaydi;
➖ chegirmani istalgan kursda olish mumkin va eng asosiysi, har bir o‘quv yili uchun bir martadan ushbu chegirmadan foydalansa bo‘ladi. Boshqacha aytganda, 4 yil davomida har yili chegirma olish mumkin;
➖ chegirma 1 yillik shartnoma summasidan hisoblanadi, masalan, yillik shartnoma summasi 15 mln so‘m bo‘lsa, 4,5 mln so‘m chegirma beriladi va yillik summa 10,5 mln so‘mga tushadi;
➖ chegirma olish uchun har safar onlayn ariza berish kerak bo‘ladi, o‘zi avtomat hisoblanmaydi;
➖ talabaning otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda keyingi o‘quv yilidan boshlab unga chegirma qo‘llash to‘xtatiladi.
