O‘zbekistonda Radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi
Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi. Bu hukumatning 9 fevraldagi qarorida [47-son] ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, markaz Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti negizida tashkil etiladi. Markaz respublikadagi radioaktiv chiqindilarni maxsus avtotransportda tashish, qabul qilish, saralash va uzoq muddatli xavfsiz saqlash bo‘yicha yagona xizmat ko‘rsatuvchi davlat muassasasi sifatida faoliyat yuritadi.
Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- respublikada ishlab chiqarilgan va unga olib kirilgan, ishlash muddati tugagan yoki ishdan chiqqan radioaktiv manbalar bilan ishlash jarayonida hosil bo‘lgan radioaktiv chiqindilarni saralash, qayta ishlash, uzoq muddatli saqlash;
- radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilishning innovasion usullarini ishlab chiqish va bu sohada ilmiy tadqiqot o‘tkazish;
- sohada raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini qo‘llash hamda tegishli davlat organlari bilan axborot almashinuvini ta’minlash;
- xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va sohaga ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish.
Shu yildan boshlab radioaktiv chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ijtimoiy himoyasi va moddiy ta’minotini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2026−2027 yillarda markaz hududidagi bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash, yangi ma’muriy bino qurish, Radioaktiv chiqindilarni saralash laboratoriyasini tashkil qilish va Markaz hududini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
