O‘zbekistonda OIV infeksiyasiga qarshi kurash kuchaytiriladi

O‘zbekistonda OIV infeksiyasiga qarshi kurash kuchaytiriladi

Prezident «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi. Hujjat matni O‘zA saytida keltirildi.

Unga ko‘ra, aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023−2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun «95−95−95» strategiyasi ilgari surilgan. Unda OIV yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishi, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishi, 95 foizining qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishi kerakligi rejalashtirilgan.

Bu strategiyani amalga oshirish uchun 2023−2027 yillarda Davlat byudjeti mablag‘lari, OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish bo‘yicha Global jamg‘arma mablag‘lari, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar bankining qarz mablag‘lari hisobidan 120 milliard so‘m va 54 million dollar mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Pullar aholi o‘rtasida OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida test-tizimlari va retrovirusga qarshi vositalarni xarid qilish, OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, keng targ‘ibot ishlarini o‘tkazish, shuningdek, boshqa tashkiliy tadbirlar uchun sarflanadi.

2027 yilda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan hamda o‘z maqomini bilgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar ko‘rsatkichi 95 foizga yetkazilishi kerak. Shu vaqtga kelib, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, SSV Adliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023 yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integrasiya platformasi orqali FHDYo organlari va tegishli tibbiyot muassasalari o‘rtasida elektron hamkorlikni tashkil qiladi.

2023 yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini ta’minlash, real vaqt rejimida preparatlar va diagnostikumlarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratilib, tizimni Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasining elektron bazalari bilan integrasiya qilish orqali o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!