O‘zbekistonda mast holda transport boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l-harakati qoidalariga yangi tizimlarni joriy etish borasida qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Eshituvda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov sohadagi ishlar haqida ma’ruza qildi:
"Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 11-fevraldagi videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi sohasida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida bir qator topshiriqlar bergan edi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning 5 ta ustuvor yo‘nalishi belgilab berildi. Bugun shular asosida faoliyat olib borilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, yo‘l harakati hodisalarining 50 foizi yo‘lovchilarning xatosi bilan sodir bo‘lmoqda. Shu bois ham yo‘lovchilarning, ham haydovchilarning mas’uliyati va madaniyatini oshirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Yo‘l-harakati sohasidagi huquqiy bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etish, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, har bir yo‘l-harakati ishtirokchilarining qoidalarga qat’iy amal qilishini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladigan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda bir qator yangiliklar o‘z aksini topmoqda. Jumladan, haydovchilarni javobgarlikka tortish va rag‘batlantirishning zamonaviy tizimini joriy etish bo‘yicha ham normalar belgilanmoqda", — dedi Erali Bozorov.