O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlangan qancha odamning sog‘lig‘i yomonlashdi?

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlangan qancha odamning sog‘lig‘i yomonlashdi?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov 7 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirusga qarshi emlanganlarda qanday nojo‘ya ta’sirlar kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunga qadar umumiy emlanganlar orasida yengil darajadagi nojo‘ya ta’sirlar 71 holatda qayd etildi. Bular qanday nojo‘ya ta’sirlar:

  • 45,7 foizida tana haroratining 37,5 darajadan oshishi;
  • 21,2 foizida tanada og‘riq;
  • 14,1 foizida emlagan joyda qichishish;
  • 11,2 foizida yengil bosh og‘rig‘i;
  • 6,1 foizida emlangan joyda og‘riqning paydo bo‘lishi;
  • 2,7 foizida asabiylashish, holsizlanish, qo‘rqish kabi belgilar.

Uning qayd etishicha, shu vaqtgacha emlangan fuqarolarda jiddiy asoratlar kuzatilmagan.

Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, 6 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 49 602 fuqaro emlangan, ularning 29 860 nafari AstraZeneca vaksinasi bilan, qolgan 19 742 nafari ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangan.

Shuningdek, Otabekov koronavirus hali ham yoshlar orasida keng tarqalganligini tasdiqladi. Masalan, 6 aprelda 206 ta holat qayd etilgan, shulardan 54 tasi (26,2 foiz) 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanadi. Biroq ushbu ko‘rsatkich Sog‘liqni saqlash vazirligining statistikasidan farq qiladi. Vazirlikning statistikasiga ko‘ra, seshanba kuni koronavirusga chalinish bo‘yicha 192 ta holat qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan boshlandi. Emlash dastlab qariyalar, sog‘liqni saqlash xodimlari, OAV vakillarida ko‘ngilli tarzda o‘tkaziladi. 6 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi jami emlanganlar soni 49 602 nafarga etdi. Ular AstraZeneca va O‘zbekiston—Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlanmoqda. O‘zbekistonda to‘liq emlash kursini tamomlagan fuqarolarga QR-kodli sertifikat beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!