Pokiston Global terrorizm indeksida birinchi o‘rinni egalladi
Iqtisodiyot va tinchlik instituti e’lon qilgan Global terrorizm indeksi hisobotiga ko‘ra, Pokiston ilk bor terrorizm oqibatlaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlat sifatida qayd etildi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, Pokistonda 1139 kishi halok bo‘lgan, 1045 ta terrorchilik hujumi sodir etilgan. Bu ko‘rsatkich 2013 yildan beri eng yuqori daraja hisoblanadi. Shu bilan birga, hujumlar soni 2020 yilga nisbatan qariyb olti baravarga oshgan. Mutaxassislar vaziyat keskinlashuvini, avvalo, “Tahriki Tolibon Pokiston” faoliyatining kuchaygani bilan izohlamoqda. Mazkur guruh 2025 yilda dunyodagi “eng qonli terrorchi tashkilotlar” qatoridan joy olgan. Hisobotda aynan “Tahriki Tolibon Pokiston” qurbonlari soni oshgan yagona yirik guruh sifatida qayd etilgan.
Hisobotda Pokiston hududidagi terrorizm kengroq geosiyosiy ziddiyatlar bilan bog‘liq ekani ham alohida ta’kidlangan. Afg‘oniston–Pokiston chegarasi terrorizmning asosiy o‘choqlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Shuningdek, hisobotda reytingning yuqori pog‘onalarida asosan Afrika davlatlari ustunlik qilmoqda. Xususan, Burkina Faso, Niger, Nigeriya va Mali kabi davlatlar ham o‘ntalikdan joy olgan. Shuningdek, Suriya, Somali, Kongo Demokratik Respublikasi, Afg‘oniston, Kolumbiya va Isroil ham eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar qatorida qayd etilgan.
Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari terrorizm xavfi past bo‘lgan hududlar qatoriga kiritilgan bo‘lib, terrorchilik faolligi cheklangani va vaziyat nisbatan barqaror saqlanayotganini ko‘rsatgan. Reytingda Tojikiston — 41-o‘rin, O‘zbekiston — 96-o‘rin, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston — 100-o‘rinni egallagan.
