Evropada yirik operasiya: «Koza Nostra» mafiyasining 200 million yevrolik aktivlari musodara qilindi
Italiya Moliya gvardiyasi xorijlik hamkasblari bilan hamkorlikda o‘tkazgan yirik tezkor tadbir davomida Sisiliyaning mashhur «Koza Nostra» jinoiy guruhi hamda uning sobiq rahbarlaridan biri Matteo Denaroga tegishli bo‘lgan 200 million yevrodan ziyod qiymatdagi mulklar va mablag‘larni xatladi.
BBC xabariga ko‘ra, mazkur xalqaro operasiya nafaqat Italiya, balki Andorra, Gibraltar, Kayman orollari, Lyuksemburg, Shveysariya, Livan, Monako va Ispaniya kabi davlatlarni ham qamrab oldi. Xususan, Sisiliya oroli va Ispaniyaning Malaga shahrida olib borilgan keng qamrovli tintuv tadbirlariga 150 nafardan ortiq soha mutaxassislari jalb etildi.
Xabar qilinishicha, jinoiy guruh tomonidan yashirilgan naqd pullarni aniqlash maqsadida zamonaviy dronlar va issiqlikni sezuvchi teplovizorlardan foydalanilgan. Bundan tashqari, kriptohamyonlar va raqamli aktivlarni kuzatish uchun maxsus IT ekspertlari ish olib borgan. Jurnalistlarning yozishicha, mahalliy matbuot ushbu musodarani «Denaroning narko-xazinasi» deb atamoqda, biroq bu mablag‘lar jinoiy tarmoqning ulkan moliyaviy tizimidan bir qism, xolos.
Ma’lumot o‘rnida, mafiya yetakchisi Messina Denaro 30 yillik yashirin hayotdan so‘ng, 2023 yilda onkologik klinikadan chiqayotgan vaqtida qo‘lga olingan va ko‘p o‘tmay 61 yoshida panjara ortida vafot etgan edi. U 2002 yilda mafiya faoliyatini fosh etishga uringan mashhur prokurorlar Jovanni Falkone va Paolo Borsellino suiqasdini tashkil etganlik uchun sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Surishtiruvlar davomida jinoiy guruhga aloqador 3 kishi hibsga olindi. Shuningdek, Ispaniya, Gibraltar va Kayman orollarida ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanib, mablag‘larni qonuniylashtirishga xizmat qilgan 8 ta soxta shirkat fosh etildi. Taxminlarga ko‘ra, ushbu pullar tashkilotning 40 yildan ortiq vaqt davomidagi narkotrafikdan topgan daromadlari bo‘lib, ular Ispaniya sohillaridagi dam olish maskanlari orqali «yuvib» kelingan.
Italiya Mafiya va terrorizmga qarshi kurash milliy prokuraturasi (DNAA) rahbari Jovanni Melillo matbuot anjumanida ushbu amaliyotning ahamiyatiga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad faqatgina moliyaviy mablag‘larni musodara qilish emas, balki bir necha yil avval faoliyatiga chek qo‘yilgan jinoiy guruhning qayta tiklanishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslikdir.
E’tiborli jihati, mazkur yirik surishtiruvga Andorra huquq-tartibot idoralarining ma’lumoti turtki bo‘lgan. Ular knyazlik hududida yirik moliyaviy mablag‘larni tasarruf etayotgan sisiliyalik ayolga shubha bilan qarashgan. Keyinchalik aniqlanishicha, ushbu ayol muqaddam bir necha bor sudlangan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Matteo Denaro bilan aloqada bo‘lgan yirik narkobaronning rafiqasi bo‘lib chiqqan.
